Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, “O‘zekspomarkaz”da koronavirusdan davolanayotgan bemorlar Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ko‘chiriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ma’lum qildi.
2020-yil 11-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 74 ming 811 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikdan sog‘ayganlar jami 72 ming 84 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 97 foizni tashkil qilmoqda.
“Toshkent shahrida epidemiologik vaziyatning barqarorlashayotgani inobatga olinib, koronavirusga chalingan va gumon qilingan bemorlarga muolaja uzluksizligini ta’minlash va infeksiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan kuchlarning tarqoqligiga barham berish maqsadida “O‘zekspomarkaz”ning 3 va 4-pavilyonlaridagi saralash va taqsimlash markazi va “Universal” sport majmuasidagi saralash va taqsimlash markaziga koronavirusga chalingan va unda gumon qilingan bemorlarni qabul qilish to‘xtatildi. Bu muassasalarda davolanayotgan bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chiriladi”, – dedi Barno Abdusamatova.
Shuningdek, Toshkent shahar perinatal markazi 2-dekabrdan boshlab koronovirus infeksiyasiga gumon qilingan, kasallangan homilador ayollarni qabul qilishni to‘xtatgan.
Barno Abdusamatovaning aytishicha, ushbu toifadagi homilador ayollar ham Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ko‘chirildi. Ushbu shifoxonada ham yuqori malakaga ega bo‘lgan akusher-ginekologlar, reanimatologlar, neonatologlar ishlaydi hamda muassasa barcha kerakli moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlangan.
Vaqtinchalik shifoxonalarda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari bilan mehnat shartnomalari tegishli tartibda bekor qilinib, ular avvalgi ish joylariga qaytariladi.
Hozirda O‘zbekistonda pandemiya xavfi nisbatan kamaygani tufayli koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanadigan 159 ta tibbiyot muassasasidan faqat 32 tasi faoliyat yuritmoqda.
Mavzuga doir: