Angliya Premyer Ligasida ishtirok etadigan jamoaning murabbiyi bo‘lish deyarli butun dunyodagi mutaxassislarning orzusi bo‘lsa kerak. Shunday ekan, hozirda Premyer Liga klublarida ishlayotgan yigirma nafar murabbiyni bemalol omadlilar safiga kiritish mumkin. Shuningdek, ushbu omadlilar sevimli ishi bilan shug‘ullanishdan tashqari yaxshigina daromad ham orttiradi.
Xo‘sh, APL jamoalarining qaysi murabbiylari ish haqi bo‘yicha eng yuqori pog‘onada turadi? Agar sizni ushbu savol qiziqtirib qo‘ygan bo‘lsa, unda ushbu material siz uchun ayni muddao.
Ole-Gunnar Sulsher – yiliga 7,5 million funt sterling
- Yoshi: 47
- Fuqaroligi: Norvegiya
- Klubi: “Manchester Yunayted”
Sulsherning “Manchester Yunayted”dagi hozirgi maoshi yiliga 7,5 million funtni tashkil qiladi, ammo u ushbu jamoa bilan hozircha erishgan yutuqlari bilan maqtana olmaydi. “Qizil iblislar” Sulsher boshchiligida birorta ham sovrin yutmayotgani va qoniqarli natijalar qayd etmayotgani uchun (garchi ba’zi futbolchilarning yutuqlari quvontirayotgan bo‘lsa-da) muxlislar uning iste’fosini talab qilmoqda. Biroq hozircha klub rahbariyati unga ishonch bildirishda davom etmoqda.
Marselo Byelsa – yiliga 8 million funt
- Yoshi: 65
- Fuqaroligi: Argentina
- Klubi: “Lids”
Darhaqiqat, hozirgi “Lids” to‘laligacha Byelsning jamoasidir. Futbol olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Marselo qo‘l ostidagi futbolchilarni bir g‘oya va maqsad yo‘lida birlashtira oldi. Albatta, Premyer Ligaga endigina yo‘l olgan jamoa murabbiyiga bir vaqtlar musobaqa gegemoni bo‘lgan “Manchester Yunayted” ustozinikidan ko‘ra ko‘proq maosh to‘lanishi ajablanarli. Ammo “qizil iblislar” allaqachon gegemonlikdan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, murabbiy sifatida Byelsa Sulsherga qaraganda ancha yetuk va nomdor.
Brendan Rojers – yiliga 10 million funt
- Yoshi: 47
- Fuqaroligi: Shimoliy Irlandiya
- Klubi: “Lester”
20197/20-yilgi mavsumda “Lester” Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun oxirgi pallagacha kurashdi, ammo “tulkilar”ning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqaga yo‘l olishiga nimadir kamlik qildi. 2020/21-yilgi mavsumda ham “Lester” kuchli to‘rtlikka kirish uchun asosiy da’vogarlar qatoriga kiradi, shu sababli Rojersning klubdagi ishini qoniqarli baholash mumkin. Garchi bu haqida gapirishga ehtiyoj bo‘lmasa-da, Rojersning iste’fosi “Lester” rahbariyatini yomon ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Boisi tomonlar 2025-yilning iyuliga qadar amal qiladigan shartnoma imzolagan. Shuning uchun yaxshisi, unga tinchgina ishlash imkonini berish zarur.
Karlo Anchelotti – yiliga 11,5 million funt- Yoshi: 61
- Fuqaroligi: Italiya
- Klubi: “Everton”
1999-yildan buyon faqat top-klublarda ishlagan italiyalik obro‘li murabbiy Anchelotti 2019-yilning dekabrida Premyer Liganing o‘rtamiyona klubi “Everton” bilan shartnoma imzolagani ko‘pchilikni ajablantirgandi. Biroq Anchellotining “Everton”i o‘sha mavsumni ko‘ngildagidek yakunlab, 2020/21-yilgi mavsum startida esa tom ma’noda APLni portlatdi va hattoki bir muddat musobaqa jadvalida peshqadamlik ham qildi.
Hozir “Everton” biroz sekinlashdi va jadvalda ham pasaydi, ammo shunga qaramay, jamoa kelasi mavsum Chempionlar Ligasida Angliya nomidan qatnashish uchun yetarli darajada imkoniyatlarga ega bo‘lib turibdi. Tomonlarning kelishuvi esa 2024-yilda o‘z nihoyasiga yetadi.
Yurgen Klopp – yiliga 15 million funt- Yoshi: 53
- Fuqaroligi: Germaniya
- Klubi: “Liverpul”
2015-yilning kuzida “Liverpul” boshqaruvini qabul qilgan Yurgen Klopp allaqachon “qizillar”ning barcha muxlislari uchun yoqimtoyga aylanib ulgurgan. Ushbu mutaxassis 2018/19-yilgi mavsumda Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lishdan tashqari, 2019/20-yilgi Angliya chempionatida 30 yil kutilgan g‘alabani taqdim etdi. Bundan tashqari “qizillar” eng yaqin ta’qibchisi “Manchester Siti”ni naq 18 ochkoga ortda qoldirdi. Bunday holat esa APLda har doim ham sodir bo‘lavermaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra Kloppning “Liverpul”dagi maoshi yiliga 15 million funtni tashkil qiladi. Yurgenning bunga loyiq emasligi haqida esa hech kim bahslashmasa ham kerak. Chunki aynan u shonli jamoani o‘zi munosib bo‘lgan joyga qaytardi. Klopp va “Liverpul” o‘rtasida imzolangan bitim 2024-yilga qadar amal qiladi.
Joze Mourinyo – yiliga 15 million funt
- Yoshi: 57
- Fuqaroligi: Portugaliya
- Klubi: “Tottenhem”
Mourinyo boshchiligida dastlabki mavsumda “Tottenhem” Chempionlar Ligasi zonasiga kira olmadi. Biroq jamoa 2020/21-yilgi mavsumda Premyer Ligada yorqin o‘yinlar ko‘rsatmoqda: “Manchester Yunayted” (6:1) va “Manchester Siti” (2:0) ustidan qozonilgan g‘alabalar bilan esa Mourinyo o‘zining nimalarga qodir ekanligini yana bir bor isbotladi. Kim bilsin, balki Mourinyoga 15 million funtdan to‘lash “Tottenhem”ga deyarli oltmish yildan beri kutilayotgan sovrinni taqdim etar.
Xosep Gvardiola – yiliga 22 million funt
- Yoshi: 49
- Fuqaroligi: Ispaniya
- Klubi: “Manchester Siti”
Shartnoma shartlari matbuotda e’lon qilinmadi, ammo manbalarning ta’kidlashicha, Pepning maoshi hozirgi murakkab vaziyatga qaramay, (yiliga) 20 dan 22 million funtga ko‘tarilgan. Shuningdek, matbuot “Siti” Gvardiolani ataylab qo‘yib yubormaganini taxmin qilmoqda, bunga sabab qilib, Lionel Messining ehtimoliy transferi ko‘rsatilgan.
Boshqa maqolalar:
- Yarim emas, butun jamoa. Dunyoning ayni damdagi eng yaxshi darvozabonlari
- Sotqinlarmi yoki unutilganlar? Mahalliylashtirilgan yulduz futbolchilar haqida
- Xayr, maestro! 2020-yilda butsasini mixga ilgan taniqli futbolchilar haqida
- Ronaldu, Messi, Pele, Drogba va Bekhem. Jiddiy kasalliklarni yengib o‘tgan taniqli futbolchilar