Adliya vazirligi tomonidan 2019–2020-yillarda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati o‘rganildi. O‘rganish davomida ayrim tashkilotlarning norma ijodkorligi qoriqarsiz deb baholangan. Bu haqda 11-dekabr kuni Adliya vazirligida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, 2019–2020-yillar davomida vazirlikning davlat organlarining norma ijodkorligi faoliyati yo‘nalishida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 5 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihalari kelib tushgan. Ulardan 4 700 dan ortig‘i huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan va 350 ta loyiha o‘tkazilmasdan qaytarilgan.
Qonun hujjatlarini vazirlik tomonidan “E-xat” dasturi orqali 140 dan ziyod davlat organlari va tashkilotlariga o‘z vaqtida yetkazilgan.
Qolaversa, bugungi kunda vazirlik tomonidan “Normativ-huquqiy hujjatlarning davlat hisobi va tarqatilishi” axborot tizimi yaratilib, ushbu tizim orqali 600 taga yaqin davlat organlariga hamda ularning hududiy bo‘linmalariga elektron shaklda yuborilishi ta’minlangan.
Ayrim davlat organlari tomonidan huquqni qo‘llash amaliyotini innovatsion usullari, veb-texnologiyalaridan yetarli foydalanilmaganligi bois ko‘plab muammolar kelib chiqmoqda. Bizga kelib tushayotgan ariza va loyihalarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ma’lum bo‘ladiki, ba’zi tashkilotlarda norma ijodkorligi yo‘q. Ya’ni berayotgan arizasi huquqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmasligini bila turib, bizga yuborishadi. Biz uning xulosasini berib bekor qilsak ham, qaytadan o‘zgartirishlar kiritmasdan yana yuborishadi. Bu esa muammo ustiga muammo tug‘diradi.Shuningdek, davlat organlarining huquqni qo‘llash amaliyoti borasida 2020-yilning to‘qqiz oyi davomida 19 ta sohada huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilgan. Natijada 14 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari va 13 ta tahliliy ma’lumotnomalar tegishli tartibda hukumatga kiritilgan.Adliya vaziri o‘rinbosari, Bahrom Qo‘chqorov
Majlisda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa davlat idoralarning huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotlari eshitilib, tanqidiy muhokama qilindi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholashda jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu jarayonga ishtirokini yanada faollashtirish uchun normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasini jonli muhokama qilish amaliyotini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.