Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Time jurnali “Yil odami—2020” maqomini AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenga hamda uning ma’muriyatida vitse-prezident bo‘ladigan Kamala Xarrisga berdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

“Amerika tarixini o‘zgartirgani uchun, hamdardlik kuchi ajralish g‘azabidan ustunligini namoyon qilgani uchun, qayg‘uga cho‘mgan dunyoda dardga davo topish haqida bir fikrni o‘rtoqlashgani uchun Jo Bayden va Kamala Xarris Time tomonidan ‘Yil odami’ deya e’tirof etildi”, — deb xabar berdi jurnal.

Time qayd etishicha, Franklin Ruzveltdan boshlab Amerikaning har bir prezidenti “Yil odami” maqomini qo‘lga kiritgan, ammo vitse-prezident hali bunday nomga sazovor bo‘lmagan edi. Kamala Xarris Jo Bayden bilan birgalikda yil odami deb topilishiga sabab shuki, “irqiy adolat uchun katta kurash olib borilgan va tarixdagi eng muhim saylovlardan biri o‘tkazilgan yilda” ularning ittifoqi birlashuv ramziga egadir.

Avvalroq Time jurnali “Yil odami” maqomiga da’vogarlarning short-listini e’lon qilgan edi. Baydendan tashqari, unga amaldagi AQSh prezidenti Donald Tramp, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi bilan birga, shuningdek, irqiy adolat harakati ishtirokchilari ham kirgan edi. Short-listda Xarris yo‘q edi.

Time boshqa yo‘nalishlarda g‘olib bo‘lganlarni ham e’lon qildi. Zoom videokonferensiyalar servisini o‘ylab topgan Erik Yuan yil biznesmeniga aylandi. Ushbu servis pandemiya davrida eng ommabop aloqa vositasiga aylandi va xavfsizlik muammolariga duch keldi.

Yil sportchisi Lebron Jeyms bo‘ldi. U bu maqomni faolligi uchun qo‘lga kiritdi — bu yil Jeyms qora tanli amerikaliklarni prezident saylovlarida ovoz berishga chaqirish maqsadida “Ovozdan ko‘proq” harakatini tashkil qildi hamda sportchilarning irqchilik va zo‘ravonlikka qarshi norozilik belgisi sifatidagi boykotida faol qatnashdi.

“Yil artisti” yo‘nalishida BTS key-pop guruhi g‘olib bo‘ldi. Time qayd etishicha, 2020-yil jamoa uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi: BTS key-pop guruhlar ichida birinchi bo‘lib Amerikaning Billboard Hot 100 chartida cho‘qqiga chiqdi, birinchi kunda ko‘rishlar soni bo‘yicha YouTube’da rekord o‘rnatdi, onlayn-konsert uchun qariyb 1 millionta chipta sotdi, guruhni yaratgan leybl esa muvaffaqiyatli tarzda birjaga chiqdi. Bundan tashqari, BTS qora tanlilar huquqlari uchun kurashuvchi Black Lives Matter harakatiga 1 million dollar xayriya qildi.

“Yil qo‘riqchilari” (Guardians of the Year) maqomiga pandemiya bilan kurashda oldingi safda turgan tibbiyot xodimlari va AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi, shuningdek, irqiy adolat uchun kurash tashkilotchilari, xususan, amerikalik Porch Bennet-Bey va fransiyalik Assa Traore sazovor bo‘ldi. Bennet-Bey afroamerikalik Jeykob Bleyk politsiyachilar tomonidan o‘ldirilgan Kenosha shahrida norozilik namoyishlarining yetakchilaridan biri bo‘lgan. Traore esa politsiyada halok bo‘lgan akasi Adamaning o‘limini tekshirishni talab qilib, kampaniya boshlagan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Putinparast raqqos Toshkentda urushga chorlovchi qo‘shig‘i uchun senzura qilinganini aytmoqda. O‘zi nima bo‘lgandi?
Dunyo
Ganjani vayron qilgan 11 ballik zilzila, Gutenberg chop etgan ilk kitob, Suriyada harbiy operatsiya boshlagan Rossiya qo‘shinlari. Kun xronologiyasida 30-sentabr
Dunyo
Rossiya Zaporojye va Xerson viloyatlari mustaqilligini tan oldi