Mana 2020-yilning eng so‘nggi oyi ham boshlandi. Time jurnalining e’tiroflari, Xitoyning navbatdagi muvaffaqiyati, Atambayevning keyingi taqdiri va doimgidek koronavirus yangiliklari bilan dekabr oyining ilk haftasidagi qisqacha dayjestimizda tanishing.
Yil bolasi va eng yomon yil
Shubhasiz, bu yil juda og‘ir keldi va ko‘plab tarang vaziyatlarga boy o‘tdi. Koronavirus pandemiyasi eng kulminatsion nuqta bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Shu sababli ham Amerikaning Time jurnali 2020-yilni tarixdagi eng yomon yil deb e’tirof etdi va o‘z muqovasiga ikkita qizil chiziq bilan chizib tashlangan 2020 raqamini joylashtirdi.Muqovaga bag‘ishlangan maqolada jurnalda faoliyat olib boruvchi kinotanqidchi Stefani Zaxarek yozishicha, jahon tarixida bundan ham yomonroq yillar bo‘lgan. Ammo bugungi kunda yashayotgan odamlarning aksariyati 2020-yilni hech narsa bilan solishtira olmaydi.
“Birinchi jahon urushi vayronagarchiliklari va 1918-yilgi gripp pandemiyasini eslash uchun 100 yoshdan oshgan bo‘lishingiz; Buyuk depressiya oqibatidagi muhtojliklar haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun taxminan 90 yoshda bo‘lishingiz; Ikkinchi jahon urushi va uning dahshatlari haqidagi xotiralarga ega bo‘lish uchun esa taxminan 80 yoshda bo‘lishingiz kerak”, deyiladi maqolada.
Qolgan barcha odamlar hayotida, Zaxarekning so‘zlariga ko‘ra, bunday misollar bo‘lmagan xolos. O‘tib borayotgan yilning asosiy sinovlari sifatida kinotanqidchi tabiiy ofatlarni, AQShdagi muammoli prezident saylovlarini hamda butun insoniyat hayotini ostin-ustun qilgan koronavirus pandemiyasini tilga oldi.
“Agar 2020-yil antiutopiya haqidagi film bo‘lganida edi, siz ehtimol uni 20 daqiqadan keyin o‘chirib qo‘ygan bo‘lardingiz”, deb yozdi Zaxarek.
Shuningdek, Time jurnali o‘z tarixida birinchi marta “Yil bolasi”ni tanlab oldi. Bu yo‘nalish ekofaol Greta Tunberg sharofati bilan yuzaga kelgan edi: u 2019-yilda jurnal tomonidan “Yil odami” deya e’tirof etilgan birinchi o‘smirga aylangandi. Time uning tengdoshlari va undan kichik bo‘lganlar uchun ataylab yangi yo‘nalishni joriy etishga qaror qildi.
Time talqini bo‘yicha ilk “Yil bolasi” Gitanjali Rao ismli 15 yoshli koloradolik qiz bo‘ldi. Qizcha kiberbulling (internet orqali kamsitishlar)ga qarshi kurash uchun sun’iy aqlni tadqiq qilmoqda hamda ichimlik suvining ifloslanganini aniqlovchi sensorlarni yaratish ustida ishlamoqda. Xususan, u Kindly servisini ishlab chiqqan bo‘lib, internetda haqoratlarni tanib oladi va bunday xabarni jo‘natish-jo‘natmaslik haqida o‘ylab ko‘rish imkonini beradi.
“Dunyo uni shakllantiruvchi odamlarga tegishli… Yoshlar bugungi kunda katta ta’sirga ega va ular bu ta’sirdan o‘z tasavvurlariga mos keladigan dunyoni shakllantirishda foydalanmoqda”, deb yozadi Time.
Xitoy endi Oyda ham bor
1-dekabr kuni Xitoyning “Chane-5” kosmik apparatining qo‘nish moduli orbita kompleksidan ajralib, Oy yuzasiga qo‘ndi va mamlakat bayrog‘ini o‘rnatdi. Missiyadan asosiy maqsad Oyda ikki metrga yaqin chuqurlikda burg‘ilash ishlarini olib borib, tuproq namunasini yig‘ishdir. Jami ikki kilogrammcha namuna yig‘ish rejalashtirildi. Uchish moduli konteyner ichiga joylashtirilgan tuproq namunalarini orbita apparatiga eltadi, shundan so‘ng kapsula u bilan birga Yerga qaytishi lozim.Bu muvaffaqiyatli o‘tsa, Xitoy buni amalga oshirgan dunyodagi to‘rtinchi mamlakat bo‘ladi. Bundan tashqari, Xitoy so‘nggi 44 yildan buyon Oy yuzasidan tuproq namunalarini olib kelgan birinchi davlatga aylanadi. 1969—1976-yillar davomida AQSh va SSSR Yerga bir necha bor Oydan tuproq namunasini olib kelgan edi.
2019-yilning aprelida Xitoy boshqa ko‘plab mamlakatlar qatori, Oyga o‘z odamini qo‘ndirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi. May oyida esa “Yuytu-2” lunoxodi Oyning orqa tomonida Oy mantiyasining ikki xil jinslarini topgan edi.
Atambayev ozodmi?
Qirg‘iziston Oliy sudi “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod qilinishi bilan bog‘liq ish yuzasidan ikkita instansiya tomonidan chiqarilgan hukmlarni bekor qildi.Asosiy ayblanuvchisi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev bo‘lgan ish Bishkek shahrining Birinchi may tumani sudiga qaytadan ko‘rib chiqish uchun jo‘natildi. Atambayevga nisbatan 2020-yilning 23-may kuni yuqori nufuzga ega jinoyatchini ozod qilganlik uchun 11 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi. Avgust oyida esa Bishkek shahar sudi hay’ati bu hukmni tasdiqladi.
2006-yilda “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev Bishkek atrofidagi jazoni ijro etish muassasalaridan birida ommaviy tartibsizliklar uyushtirgani uchun 16 yilu 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Tartibsizlik vaqtida deputat Tinichbek Akmatbayev, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Po‘latov va ikki nafar parlament xodimi o‘ldirildi.
2013-yilda Batukayev tibbiy komissiyaning unga qo‘yilgan so‘nggi darajadagi qon saratoni tashxisi asosida qamoqdan ozod qilindi. Shundan so‘ng u darhol mamlakatni tark etdi va o‘zining tarixiy vatani Chechenistonga ketdi. Ko‘p o‘tmay tibbiy hujjatlarning qalbaki ekani ma’lum bo‘ldi, biroq Qirg‘iziston rasmiylari Batukayevni orqaga qaytarishga muvaffaq bo‘lmadi.
Almazbek Atambayev 2020-yilning iyun oyida 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. U Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatorida saqlanayotgan edi. Bishkekda 5-oktabrdan 6-oktabrga o‘tar kechasi yuz bergan tartibsizliklar chog‘ida Atambayev ozod qilindi. U 9-oktabr kuni Bishkekdagi namoyishlar bo‘layotgan markaziy maydonga chiqdi, 10-oktabr kuni esa tartibsizliklar tashkil qilish aybi bilan yana qo‘lga olingandi. Shundan so‘ng Atambayev Bishkekdagi 1-sonli tergov izolyatoriga joylashtirilgani va u yerda ochlik e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.
Hozircha Atambayevning keyingi taqdiri noma’lum.
Germaniyada dahshatli jinoyat
1-dekabr kuni Germaniyaning Trir shahrida avtomobil piyodalar yo‘lagida olomon ustiga bostirib bordi. Politsiyaning qayd etishicha, 51 yoshli haydovchi mast holatda bo‘lgan hamda g‘azabi yoki tajovuzkorligi tutib qolgan paytida odamlarni bosib ketdi. U ruhiy xasta bo‘lishi mumkin. Haydovchi qo‘lga olindi. Hodisa natijasida besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy politsiya xabar berdi.“Besh kishi, shu jumladan, bir nafar yosh bola halok bo‘lganini tasdiqlay olamiz”, deyiladi mahalliy politsiyaning Twitter’da bergan xabarida. Yana bir necha kishi jarohat oldi.
Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Shteffan Zaybert ma’lum qilishicha, hukumat “hodisadan hayajonga tushdi”. Kansler Angela Merkel mintaqa hukumati bilan aloqada ekanini bildirdi.
Koronainfo va vaksinatsiya
Roppa-rosa bir yil oldin Xitoyning Vuxan provinsiyasida tarqalgan koronavirus bugunga kelib butun dunyoni qamrab olgani hech kimga sir emas. Kasallik bilan bog‘liq holatlarni onlayn kuzatib boradigan covidvisualizer.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda butun dunyoda kasallikni yuqtirib olganlar soni 67 million kishidan oshdi. 4-dekabr kuni 65 million, 5-dekabr kuni esa 66 milliondan oshgani xabar qilindi. Shuningdek, mazkur haftada kasallikdan vafot etganlar soni 1,5 milliondan oshib ketdi.Koronavirusni yuqtirib olganlar soni bo‘yicha yetakchilik qilayotgan mamlakatlar quyidagilar:
- AQSh — 15 million;
- Hindiston — 9,6 million;
- Braziliya — 6,5 million;
- Rossiya — 2,41 million;
- Fransiya — 2,32 million.
Avvalroq Pfizer va BioNTech o‘zining BNT1622b vaksinasi tadqiqotlarining uchinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha 95 foiz samaradorlik ko‘rsatganini ma’lum qilgandi. Taqqoslash uchun: Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi o‘z ishlab chiquvchilari tomonidan 92 foizga, Amerika Moderna kompaniyasi vaksinasi 94,1 foizga, AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi 70 foizga baholangan edi.
2-dekabr kuni Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishini aytdi. 4-dekabr kuni esa Bahrayn ham Pfizer vaksinasidan foydalanishni ma’qulladi. Shuningdek, Pfizer va BioNTech vaksinani AQShda hamda Yevroittifoqda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berdi. Buyuk Britaniyada aholini koronavirusga qarshi emlash boshlanadi. Milliy sog‘liqni saqlash xizmati emlashni 8-dekabrdan boshlashni rejalashtirmoqda.
Emlash birinchi navbatda qariyalar uyida yashovchilar va uning xodimlarida, shuningdek, xavf ostida bo‘lgan 80 yoshdan oshgan odamlarda amalga oshiriladi. Milliy sog‘liqni saqlash xizmati ijrochi direktori Kris Hopsonning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 vaksinasi 50 ta kasalxonaga yetkaziladi.
“Vaksinalar to‘g‘risida uzoq kutilgan yangiliklar 2021-yilga optimizm bilan qarashimiz mumkinligini anglatadi”, deya ta’kidladi shifokorlar. Ularning qo‘shimcha qilishicha, hech kim to‘liq emlashdan keyin ham virus “yo‘q bo‘lib ketishini” kutmaydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2021-yilning birinchi choragida COVAX mexanizmi orqali yarim milliard doza koronavirusga qarshi vaksinalarni tarqatishga umid qilmoqda.
Bu haqda tashkilotning bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan ma’lum qildi. “2021-yilning birinchi choragida 500 million doza tarqatilishiga umid qilamiz”, deydi u.
COVAX — bu ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va markazlashtirilgan xaridlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi. Ayni vaqtida mazkur tashabbusga 180 dan ortiq davlat qo‘shilgan. Dastur shartlariga ko‘ra, yuqori daromadli davlatlar sotib olingan vaksinalar haqini to‘lab, sohadagi moliyalashtiruvchi davlatlarga subsidiya beradi. Reja bo‘yicha ushbu mexanizm doirasida 2021-yil oxiriga qadar ikki milliard doza vaksina dunyo bo‘ylab teng taqsimlanishi kerak.
“Bizda turli bosqichlardagi 150 ga yaqin nomzod-vaksina bor. Ularning 50 ga yaqini hozirda klinik sinovlardan o‘tmoqda va so‘nggi haftalardagi kuzatuvlarga ko‘ra, kamida 15 tasi sinovlarning so‘nggi bosqichida. Yaqin oylar ichida hech bo‘lmaganda to‘rt turdagi vaksinadan foydalanish mumkin bo‘ladi”, deydi JSST vakili.
4-dekabr kuni Rossiya tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi O‘zbekistonga olib kelindi.
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)