Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2021-yilning birinchi choragida COVAX mexanizmi orqali yarim milliard doza koronavirusga qarshi vaksinalarni tarqatishga umid qilmoqda. Bu haqda tashkilotning bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatanga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: “RBK”

“2021-yilning birinchi choragida 500 million doza tarqatilishiga umid qilamiz”, — deydi u.

COVAX — bu ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va markazlashtirilgan xaridlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi. Ayni vaqtida mazkur tashabbusga 180 dan ortiq davlat qo‘shilgan. Dastur shartlariga ko‘ra, yuqori daromadli davlatlar sotib olingan vaksinalar haqini to‘lab, sohadagi moliyalashtiruvchi davlatlarga subsidiya beradi. Reja bo‘yicha ushbu mexanizm doirasida 2021-yil oxiriga qadar 2 milliard doza vaksina dunyo bo‘ylab teng taqsimlanishi kerak.

Shuningdek, Svaminatanning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida kamida to‘rtta koronavirusga qarshi vaksina foydalanishga tayyor bo‘ladi.

“Bizda turli bosqichlardagi 150 ga yaqin nomzod-vaksina bor. Ularning 50 ga yaqini hozirda klinik sinovlardan o‘tmoqda va so‘nggi haftalardagi kuzatuvlarga ko‘ra, kamida 15 tasi sinovlarning so‘nggi bosqichida. Yaqin oylar ichida hech bo‘lmaganda, to‘rt turdagi vaksinadan foydalanish mumkin bo‘ladi”, — deydi JSST vakili.

Avvalroq Pfizer yil oxiriga qadar rejadagidan ikki barobar kamroq — 50 million doza vaksina ishlab chiqarishi ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 4-dekabr kuni Rossiya tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi O‘zbekistonga olib kelingan.