Atrofda “ma’naviyatga, ma’rifatga, madaniyatimizga bo‘layotgan xurujlarga” qarshi sog‘lom munosabatni shakllantirishda kinoijodkorlarning o‘rni katta. Bu haqda Prezident 20-noyabr kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Avvalroq Prezident kinochilar bilan muloqotda o‘zbek tomoshabini faqat chet el filmlari va teleseriallari ta’siriga tushib qolmasligi kerakligini ta’kidlagani haqida xabar berilgan edi.
“Bilasizlarmi, shiddatli zamonda yashayapmiz. Shu o‘rinda ma’naviy nuqtayi nazardan, tarbiyaviy nuqtayi nazardan, zamonamizdagi juda katta xurujlar nuqtayi nazaridan biz kurashga tayyormizmi degan ko‘ndalang savol tug‘iladi. Ming afsus, tayyor emasmiz. O‘zimizning ichki madaniyatimiz o‘zgarishi kerak. Immuniteti bo‘lmagan millat, xalq hech qachon xurujlarga qarshi kurasha olmaydi”, — deya kinoarboblarga murojaat qildi Prezident.“O‘zbekfilm” studiyasi xaroba holga kelib qolgan, ko‘p joylari, binolari ijaraga berib yuborilgan edi. Prezidentning alohida qayd etishicha, “bugun bularning hammasi o‘z egasiga — kinochilarga qaytarildi”.
“Bu dargohni mana shunday ko‘rinishga keltirishimiz birinchi qadamlardan. Siz ziyolilar sifatida har bir yutug‘imizni, muammomizni kino orqali xalqqa yetkaza olasizlar. Ayniqsa, bugungi pandemiya davrida boshdan kechirgan qiyinchiliklarimiz bizni sergak bo‘lishga undayotgani rost. Odamlarning ongini o‘zgartirishimiz kerak. Izlanishda bo‘lmasak, o‘zimizni qiynamasak, o‘qimasak, bilimga tashna bo‘lmasak natija yaxshi bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.