O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz yetishmovchiligi borasida ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar va OAVlarga murojaatlar ko‘paydi. Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev “Kun.uz”ga bergan intervyusida mavjud vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: “Daryo”

“Biz ham shu yurtning farzandimiz, hamma gaplardan xabardormiz, nahotki bunday murojaatlardan bexabar bo‘lsak?” — degan u bunday murojaatlar o‘rganilyaptimi, zarur choralar ko‘rilyaptimi degan savolga javoban.

Uning aytishicha, bir necha yillar oldin vaziyat bundan-da og‘ir bo‘lgan, lekin odamlarda hozirgidek murojaat qilishning keng imkoniyatlari bo‘lmagan. Ya’ni murojaatlarning ko‘pligi muammoning keskin ko‘payganini anglatmaydi, iste’molchilarning bu boradagi huquqiy ongi o‘sayotganidan dalolat.

“Bu javobim ham yetishmovchiliklarni oqlamaydi, shunchaki mavjud vaziyatni tushuntiryapman. Ko‘pchilik bizni kabinetdan chiqmaslikda, mavjud vaziyatni bilmaslikda ayblaydi. Holbuki asosiy vaqtimiz joylarda, ishlab chiqarish obyektlarida o‘tadi”, — deydi Sherzod Xo‘jayev

“Elektr energiyasi shunday mahsulotki, uni saqlab bo‘lmaydi. Ishlab chiqarildimi, darhol iste’mol qilinishi kerak. Ya’ni biz uni qayerdadir yashirib saqlab qo‘ya olmaymiz. Jaydari til bilan aytganda, “svet” o‘chganda ko‘pchilik hududiy elektr tarmoqlari operatorini so‘kadi. Ammo ularda ayb yo‘q, aslida yo‘q narsani ular topib bera olishmaydi. Sovuq kunlarda iste’mol karrasiga oshadi, bizning aksariyat uylarimiz, binolarimizda isitish qoloq darajada. Hamma elektr isitkichlarni yoqadi, yuklama keskin ortadi. Bu esa tizimning dosh bera olmasligiga olib keladi”, — deb ta’kidlagan energetika vaziri o‘rinbosari.

Avvalroq Energetika vazirligi matbuot xizmati 2020-yilda elektr energiyasidagi uzilishlar soni va davomiyligi 2019-yilga nisbatan ikki baravar kamayganini ma’lum qilgandi. Vazirlik 2020—2021-yillar kuz-qish mavsumida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida gaz hamda elektr ta’minoti hajmi oshirilishini bildirgan.

O‘zbekistonda kuzatilayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlarga Energetika vazirligi energiya iste’moli ortganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Vazirlik o‘tgan yili ham elektr energiyasi tizimidagi uzilishlar va nosozliklar sabablari borasida shu kabi izoh bergandi. “Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortishi kuzatilgan paytda hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi energiya balansini ta’minlash juda qiyin vazifa bo‘lib qolmoqda. Bunda katta avariyalarning va butun mamlakatda hamma iste’molchilarning elektrsiz qolishining oldini olish uchun elektr energiyasi ta’minotida uzilishilar qilishga to‘g‘ri keladi”, — degan edi vazirlik.

2019-yilning noyabr oyida bosh vazir Abdulla Aripov gaz va elektr energiyasining uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni sharmandali holat deb atagan, gaz va elektr energiya yetkazib beruvchilar o‘z ishlariga mas’uliyat bilan qarashmayotganini ta’kidlagandi.