Rossiyada o‘tgan bir sutka ichida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 24 822 ta yangi holat qayd etildi, deb xabar berdi Meduza. Bu kasallanganlar soni sutkalik ortishi bo‘yicha yangi antirekord. Undan bir kun oldin bir sutka ichida 24 318 kishida COVID-19 tasdiqlangan edi.

Foto: EADaily

Butun mamlakat bo‘ylab pandemiya boshlanganidan buyon koronavirusga chalinganlar soni 2 064 748 kishiga yetgan.

Eng ko‘p kasallanish holatlari Moskva (sutkasiga 7168 ta) va Sankt-Peterburg (2476 ta) shaharlarida kuzatilgan.

So‘nggi bir kecha-kunduzda infeksiyadan 467 kishi, pandemiya boshlanganidan buyon esa 35 778 kishi vafot etgan. Bundan bir kun avval 463 kishi vafot etib, COVID-19’dan sutka davomida o‘lim holatlari bo‘yicha antirekord bo‘lgandi.

Sog‘ayganlar soni 1 577 435 nafarni tashkil etmoqda, shulardan 26 021 nafari so‘nggi sutkada tuzalib chiqqan.

“Rospotrebnadzor” ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusni aniqlash bo‘yicha so‘nggi 24 soat ichida 588 mingta, umumiy hisobda esa 71,8 milliontadan ortiq test o‘tkazilgan.