O‘zbekiston umumiy qiymati 750 million dollar bo‘lgan dollar va o‘zbek so‘mida denominatsiya qilingan xalqaro obligatsiyalarning ikkita transhini joylashtirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston hukumati 17-noyabrdan boshlab AQSh, Buyuk Britaniya, Daniya, Avstraliya va BAAdan bo‘lgan qariyb 90 nafar investor bilan audiokonferensiyalar o‘tkazgan.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dollarda denominatsiya qilingan transhning miqdori 500 million dollarni tashkil qiladi. Daromadliligi 4,25 foiz miqdorida o‘rnatilgan mazkur transh 10 yil muddatga chiqariladi. Uni so‘ndirishning oxirgi muddati 2030-yilning noyabr oyi hisoblanadi. So‘mda denominatsiya qilingan yebrobondlarning qiymati 250 million dollarga teng. Ularning daromadliligi 15,25 foiz etib belgilangan bo‘lib, mazkur transh 3 yil muddatga chiqariladi. Ikkala transh ham London fond birjasiga joylashtiriladi.

“Xalqaro obligatsiyalarning milliy valyutada chiqarilishi valyuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan, davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

London vaqti bilan 19-noyabr soat 09:00 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi. Kun davomidagi buyurtmalar kitobining hajmi va investorlarning takliflaridan hamda moliya bozorlaridagi holatdan kelib chiqib, suveren xalqaro obligatsiyalarning har ikki transhi bo‘yicha kupon stavkalarini belgilash jarayoni 19-noyabr kuni yakunlanadi.

Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha anderrayter banklar sifatida Сiti (AQSh), J. P. Morgan Сhase (AQSh), Societe Generale (Fransiya), VTB Capital (Rossiya) va “Gazprombank” (Rossiya) ishtirok etadi. Yuridik konsultant sifatida White & Case LLP (Buyuk Britaniya) tanlangan.

2019-yilning fevral oyida O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bo‘lib 1 milliard dollarlik 5 va 10 yillik yevrobondlarni chiqargandi. Joylashtirish London fond birjasida bo‘lib o‘tgan, muomala chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar 500 million dollarlik ikki transhga bo‘linib, 2024 va 2029-yillarda so‘ndiriladi. Moliya vazirligining ta’kidlashicha, o‘shanda savdolar ochilgandan so‘ng buyurtmalar hajmi (talab) 8,5 milliard dollardan oshgan, O‘zbekiston esa 1 milliard dollarlik xalqaro obligatsiyalarni chiqargan.

Yevrobondlar — bu emitent uchun chet el valyutasida ko‘rsatilgan uzoq muddatli qimmatli qog‘ozlar. Yevrobondlar xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, yirik korporatsiyalar tomonidan uzoq muddat — 1 yildan 40 yilgacha mablag‘ olish uchun chiqariladi. Qayta sotib olish ma’lum vaqtdan keyin amalga oshirilishi kerak. “Yevro” prefiksiga qaramay (birinchi bunday qimmatli qog‘ozlar Yevropada paydo bo‘lgan), bugungi kunda ular turli xil valyutalarda turli bozorlarda chiqarilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil noyabr oyi oxirida Moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2020-yilda O‘zbekiston kamida 500 million dollar miqdoridagi davlat yevrobondlarini qayta chiqarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. 2019-yilning fevral oyida O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bo‘lib umumiy qiymati 5 milliard dollarlik bo‘lgan 5 va 10 yillik yevrobondlarni joylashtirdi.