Samarqand shahrida xotinini ayovsiz kaltaklab, uni pampers yeyishga majbur qilgan erkakka nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ochiq sud jarayonida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda “Xalq so‘zi online” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2020-yil 12-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida 1985-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan Sh.Karimovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlanadi.
Sh.Karimov o‘zining turmush o‘rtog‘i Mustahkam Vahobovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) va 110-moddasida (qiynash) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Z.Ahmedova raisligida ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida eri tomonidan ayovsiz kaltaklanayotgani aks etgan ayol videosi tarqalib ketgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, er ayolni muntazam xo‘rlagan va majburlab pampers yedirgan. Erkak turmush o‘rtog‘ini urgani tasvirlangan video internetda tarqalgach uyidan qochib ketgan. 23-avgust kuni erkak Toshkentda qo‘lga olinib, Samarqandga olib ketilgan. Keyinroq Senat mazkur ayol bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga olgandi.