O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Finlyandiya vazirlik va idoralari, O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi vakillari hamda Finlyandiyaning mamlakatdagi faxriy elchisi o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar beradi O‘zA.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Finlyandiya migratsiya xizmati O‘zbekistonning 140 fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qilgani ma’lum bo‘lgandi. Bunga o‘zbekistonliklar Yevropada ishga kirish uchun ko‘rsatgan qurilish texnikumining soxta diplomlari sabab bo‘lgan. Shuningdek, Finlyandiyaning Yle nashri yaqin kunlarda yana 219 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilinishini yozgandi.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda deportatsiya jarayonida ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq hozirgi vaziyat va ushbu holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish, Finlyandiya mehnat bozori ehtiyojlarining bugungi kundagi holati va mehnat migrantlarining ushbu mamlakatga kirish tartibi, ikki davlat o‘rtasida hukumatlararo bitim tuzish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Shuningdek, turli noqonuniy mehnat migratsiyasini oldini olish maqsadida Finlyandiya mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olib, tashkillashtirilgan holda O‘zbekiston fuqarolarini Finlyandiyada ish bilan ta’minlash borasida hamkorlik qilish taklif etilgan.
“Finlyandiya tomoni koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida mamlakatda ishsizlik darajasi ikki baravarga oshib, ayni paytda 400 ming aholi ishsiz qolganini ta’kidladi. Shuningdek, mehnat bozorining bosqichma-bosqich tiklanishi to‘g‘risida xabar berib, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat ertaroq barqarorlashishiga umid bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Finlyandiyada migratsiya oqimi asosan 2010-yilda boshlangan bo‘lib, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining kirib kelishi 2018-yilga to‘g‘ri keladi. Pandemiya paytida ushbu davlatda xizmat ko‘rsatish sohasi eng kam zarar ko‘rgan, ammo shu bilan birga qurilish va hunarmandchilik sohalarida ishchi kuchiga talab keskin kamaygan.
Bundan tashqari, uchrashuv yakunida Finlyandiya tomoni diplomatik kanallar orqali Finlyandiya mehnat bozori holatini tahlil qilish natijalari va talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlarini topish mumkin bo‘lgan saytlar havolalarini taqdim etishga va’da bergan. Chet ellik ishchilarni Finlyandiyada ish bilan ta’minlash bo‘yicha o‘rnatilgan mexanizmlar mavjudligi va o‘z qonunchiligi doirasida O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.