1894-yil oxirgi rus podshosi Nikolay II 2-noyabrda Rossiya imperatoriga aylangan edi. Tarix zarvaraqlariga Romanovlar sulolasi bo‘lib kirgan o‘sha mashhur oila hukmronligining so‘nggi vakili bo‘lib aynan Nikolay II qoldi. Taxt unga bir kun oldin vafot etgan otasi, imperator Aleksandr III dan o‘tdi. “Daryo” sana munosabati bilan Romanovlar sulolasining ayanchli taqdiri haqida hikoya qiladi.
So‘nggi rus imperatori Nikolay II Rossiya tarixidagi eng munozarali shaxslardan biridir. Ko‘pchilik uchun u go‘yoki tashabbuskor hukmdor bo‘lib, uning hukmronligi ostida Rossiya jadal o‘zgarishlarni boshidan kechirdi. Boshqalar uchun u erkinliklarning qonli bo‘g‘uvchisi va mamlakatni inqilobga olib borgan qobiliyatsiz hukmdor edi. Qirolning shaxsiyati har doim ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lardi, ammo u yashirgan sirlar haqida juda ozchilik bilardi...
Aleksandr III ning o‘g‘li, Nikolay II 1868-yil 18-may – 1918-yil 17-iyul sanasi oralig‘ida yashab o‘tdi. Bolaligidan Nikolay kelajakdagi hukmdor sifatida o‘qitildi – u iqtisod, geografiya, siyosat va tillarni chuqur o‘rganish bilan shug‘ullandi. Harbiy ishlarda katta muvaffaqiyatga erishdi. U yaxshi ta’lim oldi, bir nechta chet tillarini mukammal bildi, Nikolay II ga katta ta’sir ko‘rsatgan va shogirdini avtokratiya asoslari daxlsizligiga ishontirgan Pobedonostsev edi.
Harbiy hayot bilan tanishish uchun u lager mashg‘ulotidan o‘tdi va 1892-yilda polkovnik unvoniga ega bo‘ldi. 1889-yildan boshlab davlat boshqaruvi bilan tanishish uchun u Davlat kengashi va Vazirlar qo‘mitasi ishlarida qatnashdi. 1890–1891-yillarda u Uzoq Sharqqa sayohat qilish orqali o‘qishni yakunladi. U otasining qo‘qqis vafotidan so‘ng 26 yoshida imperator bo‘ldi.
Avtokrat Sankt-Peterburgda emas, balki Qrimda taxtni egalladi. Aynan o‘sha yerda, Yaltaning yaqinidagi shoh saroyida otasi Aleksandr III azob chekib vafot etdi. So‘nggi rus podshosi onasi, imperatrisiya Mariya Feyodorovnaning eslashicha, Nikolay unga qanday mas’uliyat yuklanganini anglagach judayam qo‘rqib ketgan va hattoki ko‘z yoshlarini to‘kkan. Dastlab ona uni taxt vorisi sifatida qabul qilmaydi, balki Nikolayning ukasi Mixail Aleksandrovichni taxtga munosib ko‘rdi. Biroq Mixail taxtni qabul qilishni xohlamadi, tojdan ixtiyoriy ravishda voz kechdi.
Gap Qrim haqida ketayotgani sababli Nikolay yarimorolni juda yaxshi ko‘rganini va hatto poytaxtni Sankt-Peterburgdan bu yerga ko‘chirishni orzu qilganini ta’kidlash foydali bo‘ladi.
1894-yilda otasi vafot etganidan bir oy o‘tgach u germaniyalik Gessen malikasi Elizaga (Aleksandra Feyodorovna) uylandi. Ikki yil o‘tgach (1896-yil 26-may) Nikolay II va rafiqasining rasmiy toj marosimi bo‘lib o‘tdi. Toj marosimi motam muhitida bo‘ldi, bundan tashqari, marosimda ishtirok etishni istaganlarning ko‘pligi tufayli talay odam tiqilinchda vafot etdi.
1895-yil 17-yanvarda dvoryanlar, zemstvolar va shaharlardagi deputatlar oldida nutq so‘zlagan Nikolay II zemstvo rahbarlarining ichki hukumat ishlarida ishtirok etish umidlarini “bema’ni orzular” deb atadi va tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi. Nikolay II hukmronligining birinchi kunlaridanoq o‘zini vijdonli va o‘rtacha davlat arbobi sifatida ko‘rsatdi. Manjuriya va Koreyani egallab olish bilan Nikolay II 1904–1905-yillarda rus-yapon urushini qo‘zg‘adi.
Nikolay II boshchiligidagi Rossiya iqtisodiy tiklanish bosqichida edi, shunga qaramay, siyosiy vaziyat keskinlashdi. Nikolayning siyosatchi sifatida muvaffaqiyatsizligi mamlakatda tobora kuchayib borayotgan ichki keskinlikka olib keldi. Natijada, 1905-yil 9-yanvardan keyin podshohga boradigan ishchilar mitingi shafqatsizlarcha tarqatildi (tadbir “Qonli yakshanba” deb nomlandi), Rossiya imperiyasida 1905–1907-yillarda birinchi rus inqilobi boshlandi. Inqilob natijasi “Davlat tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” manifesti bo‘lib, u qirol hokimiyatini cheklab qo‘ydi va xalqqa fuqarolik erkinliklarini berdi. Uning hukmronligi davrida sodir bo‘lgan barcha voqealar tufayli podshoh qonli Nikolay II laqabini oldi.
Nikolay II ning bolalari: qizlari Olga (1895-yil 3-noyabr), Tatyana (1897-yil 29-may), Mariya (1899-yil 14-iyun) va Anastasiya (1901-yil 5-iyun), shuningdek, uning o‘g‘li Aleksey (1904-yil 2-avgust). Bolaga og‘ir kasallik – gemofiliya (qonning kelishmovchiligi) tashxisi qo‘yilganiga qaramay, u yagona merosxo‘r sifatida hukmronlik qilishga tayyor edi.
1914-yilda Birinchi jahon urushi boshlandi, bu Rossiya imperiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi va faqat ichki siyosiy ziddiyatni kuchaytirdi. Nikolay II ning urushdagi muvaffaqiyatsizliklari natijasida 1917-yilda Petrogradda qo‘zg‘olon boshlandi, oqibatda podshoh o‘z ixtiyori bilan taxtdan voz kechdi. Nikolay II taxtdan voz kechgan sana 1917-yil 2-mart.
1891-yildagi sharqiy sayohati davomida bo‘lg‘usi Rossiya imperatori o‘ziga tatuirovka qildirdi. Tatuirovkada kuch va donolikning ramzi hisoblangan qora ajdaho tasvirlangan edi. Sharqda ajdaho ilohiy kuch bilan bog‘liq bo‘lib, uning himoyachisi va xaloskori hisoblanadi. Ushbu fotosuratda Nikolay II o‘zining tatuirovkasini g‘urur bilan namoyish etgani tasvirlangan.
Oilaviy qatl
1918-yil 16-iyuldan 17-iyulga o‘tar kechasi yarim tunda “maxsus xizmatlar uyi” boshlig‘i Yakov Yurovskiy Romanovlar bosh shifokori Yevgeniy Botkinga uxlab yotgan oilani uyg‘otishni buyurdi va kiyinishni talab qildi. U buni Yekaterinburgda yuz berishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklar sababli oilani xavfsiz joyga ko‘chirish zarurligi bilan izohladi. Yarim tundan ko‘p o‘tmay uyning barcha oilasi uyg‘onib, ularni tashish uchun mo‘ljallangan yuk mashinasi hali kelmaganini va sayohatdan oldin suratga olinishini tushuntirib, yerto‘laga olib ketdi.
Bir guruh odamlar yerto‘laga yig‘ildi. Imperatorning rafiqasi Aleksandra Feyodorovna stulga o‘tirdi, undan keyin uchta qiz: 22 yoshli knyazya Olga, 21 yoshli Tatyana va 19 yoshli Mariya. Podshoh Nikolay II o‘rtada turib, uning yoniga gemofiliya bilan og‘rigan 13 yoshli merosxo‘r Alekseyni qo‘ydi. Uni quchoqlab yerto‘laga olib keldi. Doktor Botkin ularning orqasida turardi. Eshikning chap tomonida to‘rtinchi qizi 17 yoshli Anastasiya bilan birga xizmatkori Empress Demidova turardi.
Biroq fotograf o‘rniga, favqulodda komissiya a’zolari va bir nechta Latviya miltiqchilaridan iborat otishma guruhi yerto‘laga kirdi. Oilaga hamrohlik qilgan Yakov Yurovskiy baland ovoz bilan ijroiya qo‘mitasining buyrug‘ini o‘qidi. “Nikolay Aleksandrovich, qarindoshlaringiz Sovet Rossiyasiga zarar yetkazishda davom etmoqda. Ural ijroiya qo‘mitasi sizni qatl etishga qaror qildi.
Hukm o‘qilgach qirg‘in boshlandi, uni Yurovskiy o‘zi boshlagan, podshoni shaxsan o‘zi otib tashlagan edi. Otishma boshlandi, ammo ko‘pchilik vaqtida o‘lim topmadi. Ular malika va Nikolayning to‘ng‘ich qizi Olgani o‘ldirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo qolgan bolalar birinchi o‘qqa tutishdan omon qoldi .Nikolayning o‘g‘li Aleksey xonadan qochishga urindi, ammo Yurovskiy uni tutib olib, boshiga urdi va shaxsan uning qulog‘iga ikki marta o‘q uzdi.
1918-yil 16-iyulda Nikolay II va uning oilasining qirg‘in qilinishi Rossiyada Romanovlar sulolasini yakuniga yetkazdi, ammo baribir so‘nggi rus imperatorining ko‘plab qarindoshlari qochib qutula oldi. Nikolay II ning onasi Mariya Feyodorovna 1916-yilda Kiyevga ko‘chib o‘tdi va keyin qizlari va ularning oilalari bilan birga Qrimga qochdi. Kirill Vladimirovich – imperatorning amakivachchasi – xotini bilan Finlyandiyada joylashdi, u yerda 1917-yil avgustda o‘g‘li Vladimir tug‘ildi.
Fuqarolar urushi paytida voqealar epimarkazini tark etishga qaror qilgan Romanovlarning aksariyati bir kun uyga qaytish umidini yo‘qotmadi. Nikolay II oilasi qatl etilgandan so‘ng endi qaytib keladigan joy yo‘qligi aniq bo‘ldi. Ammo sulolaning hozirgacha tirik vakillari bir kun kelib Rossiya hukmronligiga qaytish orzusi bilan yashamoqda.
Abdulazizxon Akramov tayyorladi.
Izoh (0)