Anchadan beri yoritib kelayotganimiz Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va UzAuto Motors o‘rtasidagi sudlashuv antimonopolchilarning yutqizig‘i bilan tugadi. Ayni shu kunlarda piyoda yurgan fuqarolarning bosgan qadamiga pul to‘lash haqida farmon chiqdi. Bu yana UzAuto Motors’ga zimdan boykot bo‘lmasin.
Toshkent shahar ma’muriy sudining 2020-yil 30-oktabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi UzAuto Motors AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020-yil 19-avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirildi. Antimonopolchilar zimmasiga UzAuto Motors foydasiga pochta xarajatlari va davlat bojini ham to‘lash ham yuklatildi. Shunday qilib, milliy avtokompaniyamiz endi monopol emas, bilib qo‘yinglar. Kim uni monopol desa, sudda yutqazishi muqarrardir.
Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev “‘O‘zavtomotors’ va uni qo‘llab-quvvatlovchilarning harak(j)atlari zoye ketmadi. Ular shuni istashdi, shu bo‘ldi, ular ‘bo‘l’ dedi, bo‘ldi, ‘bo‘lma’, desa bo‘lmasdi. Ularga qancha gul, pul, kuch, e’tibor kerak bo‘lsa hammasi muhayyo. Faqat odamlarning ishonchi va hurmatidan tashqari...”, deb yozdi.
Sudda g‘olib chiqqan UzAuto Motors esa mashinalarda nuqson bo‘lsa, oyligi hisobidan undirilishi haqida ishchi-xodimlaridan majburiy rozilik xati olyapti. G‘olibga yarashaveradi, nima deysiz?
* * *
Navbatdagi xabarimiz oldingisiga bilvosita aloqador bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan o‘tkazilishi yangi farmonda belgilandi. Agar fuqaro o‘z hududida rekord qo‘ysa, 500 ming, respublikadagi eng zo‘r yurag‘on bo‘lsa, 1 million so‘m oladi. Farmon asosida kelasi yil 1-martgacha “Sog‘lom turmush tarzi” (“1hls.uz”) platformasi ishlab chiqiladi. Bu UzAuto Motors mashinalariga talabning pasayishiga sabab bo‘lsa ajab emas.
* * *
Aslida, mayda ko‘mir va tezakdan yoqilg‘i yasab isinish mamlakatimizda keng tarqalgan. Biroq davlat, aniqrog‘i, gaz sotish bo‘yicha dunyoda 14-o‘rinda turuvchi davlat qaramog‘ida bo‘lgan muassasa tarbiyachilari ko‘mir kukunidan tappi yasayotgani rasmi internetda tarqalib vazirlikda ham aks sado berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu holat Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 30-bog‘chada bo‘lgan. Keltirilgan ko‘mirning bir qismi kukun bo‘lgani uchun direktor uvol qilmaslik maqsadida xodimlarga qo‘lbola briket yasattirgan.
Xo‘sh, nega ko‘mir sifatsiz? “O‘zbekko‘mir” bosh geologining aytishicha, ko‘mir iste’molchining qo‘liga yetib borgunicha bir necha bosqichdan o‘tgani bois maydalanib ketyapti va sifatsiz ko‘rinishga kelyapti. “Agar sifatsiz bo‘lsa, olmaslik kerak. Chunki briketlar ishlab chiqarilgandan keyin uch-to‘rt kun quritilishi lozim. Agar briketni olib ketishni istamasa, biz boshqa ko‘mir bilan ta’minlaymiz”, deb aytgan u.
Dono xalqimiz “kirib keldi oltin kuz, gaz-svetdan umid uz” deganidek, joylarda elektr va gaz ta’minoti uzilishi yana boshlandi. Yaqinda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida bo‘lgan voqea haqida so‘zlab berdi. “O‘rta Chirchiq tumaniga borganimizda yoshi katta bir onaxon ayol oldimga kelib, ‘yaqinroq kelib meni hidlang, men orqali butun ayollarni... Bizdan go‘ngning hidi kelyapti. Tezak yoqyapmiz. Xohlagan xonadoningizga kiring, ko‘ring’, dedi. Mingdan ortiq odam bilan uchrashuv o‘tkazyapmiz. Trubalar bor, ilgari gaz bo‘lgan, hozir yo‘q... Murojaat qilsa, ‘gaz mabodo uzilib qolsa (o‘zi bir necha yildan beri gaz umuman yo‘q), suyultirilgan gaz bilan ta’minlaymiz, 20 kilogramm norma bor’, deb javob beryapsizlar”, dedi Burxonov.
Buyoqda tadbirkorlar 2020-yil 1-noyabridan gaz ta’minotidan uzilishi haqida ogohlantirish xati olmoqda. O‘zbekistonning gazi sotilmay yotganida, mamlakatdagi gaz taqchilligini izohlash juda qiyin.
Darvoqe, 2021—2022-yillarda elektr energiyasi tariflari oshirilmasligi ma’lum qilindi.
* * *
O‘zbekistonda 2021-yilda qaysi davlat idorasi budjetdan qancha mablag‘ olishi ko‘pchilik uchun qiziqdir. Zotan pandemiya sharoiti tibbiyot sohasiga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishni taqozo qilmoqda. Budjet loyihasiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash sohasiga qariyb 20 trillion so‘m, shundan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun 3 trillion so‘m hamda dori-darmon xaridiga 1,8 trillion so‘m belgilanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, XTVga 22,1 trillion, Maktabgacha ta’lim vazirligiga 5,4 trillion, Transport vazirligiga 4,95 trillion, Suv xo‘jaligi vazirligiga 2,826 trillion, Moliya vazirligiga 54,3 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Loyihadagi to‘liq ro‘yxat bu yerda. Ammo unda DXX, Mudofaa va IIVga ajratiladigan mablag‘ miqdori aks etmagan.
Ilk bora onkogematologiyaga qariyb 90 milliard so‘m ajratilmoqda. Shuningdek, tamaki savdosidan olingan aksiz solig‘ining 7 foizi Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi. Shu bilan birga, 2021-yilda birinchi marta gemodializga muhtoj kasallarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini 100 foizga yetkazish uchun 130 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
* * *
Bu hafta O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon 77 yoshida vafot etdi.
Omon Matjon Xorazmning Gurlan tumanida tug‘ilgan edi. U 20 ga yaqin she’riy to‘plam muallifi bo‘lgan. Omon Matjonning she’rlari Yevgeniy Yevtushenko kabi buyuk rus shoirlari tomonidan tarjima qilingan. Omon Matjon 1991—1993-yillar O‘zbekiston Prezidenti devonida davlat maslahatchisi, 1993—1998-yilgacha Davlat matbuot qo‘mitasida rais muovini lavozimlarida ham faoliyat olib borgan. Shoir adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, taniqli turkolog olim Andrey Kubatin ham 29-oktabr kuni shifoxonada olamdan ko‘z yumdi. 36 yashar yosh olim jonlantirish bo‘limida koronavirusdan davolanayotgan edi.
Andrey Kubatin 2019-yil dekabrdan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib kelayotgandi. 2019-yil 26-sentabr kuni Toshkent viloyati sudida Kubatinning ishi qayta ko‘rib chiqilgan va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etilgan edi.
Karantin qoidalariga rioya qiling, niqob taqing. “Daryo”da qoling va tezkor yangiliklardan xabardor bo‘ling.
Izoh (0)