Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

20-oktabr kuni Qirg‘iziston Bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) matbuot xizmatiga tayanib, Kloop xabar berdi.

Foto: Kaktus.media

Foto: Kaktus.media

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yildan buyon Matraimov va boshqa mansabdor shaxslar Davlat bojxona xizmati tizimida “bojxona ma’muriyatchiligidan yashirin daromad olish maqsadida” korrupsion sxemani yo‘lga qo‘yib kelgan.

“Korrupsion sxema davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazdi, ammo MXDQ zararning aniq miqdori to‘g‘risida hali xabar bermadi. Hozirda MXDQ davlatga yetkazilgan zararning hajmini o‘rnatish va bojxona xizmatida korrupsion sxemaga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida tergov olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Raimbek Matraimov Kloop, “Ozodlik” va OCCRP jurnalistlarining Qirg‘izistondan 700 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni olib chiqish bo‘yicha olib borgan tekshiruvida asosiy shaxslardan biri hisoblanadi.

2019-yil may oyida “Ozodlik” Qirg‘izistondan 700 million dollarni olib chiqib ketish va bunga Raimbek Matraimovning aloqadorligi to‘g‘risida surishtiruv o‘tkazgandi. Keyinchalik Matraimovlar oilasi mablag‘larning olib chiqib ketilishiga aloqadorligi haqidagi ma’lumotni rad etgan, moliyaviy politsiya esa jurnalistlarning dalillarini tekshirib, Matraimovlarning mol-mulki chet elda topilmagani haqida bayonot bergan.

2019-yilning kuzida OCCRP, “Ozodlik” radiosi va Kloop “Klanlar, korrupsiya va Ipak yo‘lidagi kontrabanda” nomli jurnalistik surishtiruvni e’lon qildi. Unda xitoylik tadbirkor Habibulla Abduqodirning Qirg‘izistonning nufuzli amaldori Raim Matraimov bilan aloqalari haqida so‘z boradi.

Foto: Kaktus.media

Foto: Kaktus.media

Jurnalistlarga axborot bergan Ayerken Saymaiti mamlakatdan 700 million dollardan ortiq mablag‘ni noqonuniy ravishda olib chiqib ketganini tan olgan va korrupsiya tarmog‘i o‘sha paytdagi Bojxona xizmati raisi o‘rinbosari Raim Matraimov yordamida tashkil etilganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Saymaiti qotillik qurboniga aylandi.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov qonunchilikka o‘zgartirish kiritilsa, prezident saylovlarida ishtirok etishga tayyorligini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 15-oktabr kuni Jeenbekov 10 kun davom etgan norozilik namoyishlaridan keyin Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste’fo bergandi. 16-oktabr kuni parlament majlisida qonunchilik kengashi spikeri Kanat Isayev davlat rahbarining vazifalarini vaqtincha bajarishni rad etgan. Yakunda bosh vazir Sadir Japarov prezident vazifasini bajaruvchiga aylandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, prezidentlikka saylovlar 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Kreml Putinning “safarbar etilganlarning onalari” bilan uchrashuvini qanday tashkillashtirgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
O‘zbekistonning bir qator hududlarida 4-dekabr kuni qor yog‘adi
Sport
Jerdan Shakiri Messi va Ronalduga yetib oldi