Rixard Zorge haqli ravishda XX asrning eng kuchli josuslaridan biri hisoblanadi. 30–40-yillarda “Ramzay” taxallusi bilan Zorge Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlarda muvaffaqiyatli ish olib borib, Germaniya va uning ittifoqchilari tomonidan SSSRga qarshi urush tayyorlash va olib borishga oid muhim ma’lumotlarni olishga erishdi. 1941-yilning 18-oktabrida u Yaponiya politsiyasi tomonidan hibsga olinib, 1943-yilda o‘limga hukm qilindi va 1944-yilning noyabr oyida hukm ijro etilib, qatl qilindi... “Daryo” Kreml tomonidan xiyonatga uchragan josus taqdiri haqida hikoya qiladi.
Nemis armiyasida xizmat qilgan kommunist
Rixard Zorge 1895-yil 4-oktabrda Boku shahrida nemis va rus oilasida dunyoga keldi. Zorge oilasi bilan Germaniyaga ko‘chib o‘tdi. U paytlar Boku shahri Rossiya tarkibida edi. Rixard Birinchi jahon urushi paytida nemis armiyasiga xizmat qildi, unda Fransiya va Rossiyaga qarshi jang qilish imkoniyati ham bor edi. Sharqiy frontda yosh Zorge uch marotaba jarohat oldi, ularning oxirgisi 1918-yilda sodir bo‘ldi: ushbu jarohat uning oyog‘iga jiddiy zarar yetkazdi – bir oyog‘i 2,5 santimetrga kaltaroq bo‘lib qoldi.U harbiy faoliyatini yakunlab, universitetda o‘qishga qaror qiladi. Rixard Gamburg universitetining siyosiy fanlar fakultetini tugatdi va u yerda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Zorge u yerda nemis kommunistlari bilan uchrashdi va Germaniya Kommunistik partiyasiga qo‘shilib, Zolingdagi partiya gazetasining muharriri etib tayinlandi. 1924-yilda Germaniyadagi qatag‘ondan qochib, Zorge SSSRga keldi va u yerda Sovet tashqi razvedkasi tomonidan josus qilib yollandi.
1929-yilda Moskva tomonidan yollandi va Rixard Zorge tezkor razvedka faoliyati va axborot beruvchilar tarmog‘ini yaratish uchun Xitoyga yuborildi. Shanxayda ishlayotganda nemis jurnalisti va “haqiqiy oriy” niqobini olgan Zorge nemis harbiy razvedkasi bilan aloqalarni o‘rnatdi va 1933-yilda natsistlar partiyasining a’zosi bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Rixard Germaniyaning Yaponiyadagi elchisi general Yugen Ottoning yordamchisiga aylandi.
Uzoq Sharqdagi vaziyatni yaxshi biladigan Zorge elchining ishonchini qozonish uchun unga Yaponiyaning qurolli kuchlari va harbiy sanoati to‘g‘risida ma’lumotlar berib turdi. Natijada Ottoning Berlindagi memorandumlari ilgari ular uchun noodatiy bo‘lgan tahliliy chuqurlikka ega bo‘lib, Uchinchi Reyx rahbariyatida yaxshi taassurot qoldirdi.
Zorge Ottoning hurmatli mehmoniga aylandi. Elchi do‘stlari bilan xizmat masalalarini muhokama qilib o‘tirishni yoqtirardi. Bu borada Rixard minnatdor tinglovchi va malakali maslahatchi rolida edi. Otto yordamchisiga shu darajada ishonar ediki, unga hatto elchi kodlarini ham ishonib topshirar edi.
Ramzay guruhi tomonidan Moskvaga yuborilgan radioxabarning shifrini na Yaponiya, na G‘arb dekoderlari ocha olmadi. Kalit sifatida Zorge o‘ziga xos aql-zakovati bilan Reyxning statistik yilnomalaridan foydalandi, bu esa shifrni abadiy o‘zgartirishga imkon berdi. Bundan tashqari, ma’lumot maxfiy kanallar orqali markazga mikrofilm orqali uzatildi. Harbiy buyumlar yoki qurol-yarog‘ kabi alohida muhim fotosuratlar maxsus jihozlar yordamida nuqta kattaligiga qisqartirildi, keyinchalik ular eng keng tarqalgan tarkibdagi xat satrining oxiriga yopishtirilardi.
Qisqa muddat ichida Zorge nemis, yapon va hattoki yugoslaviyaliklarni o‘z ichiga olgan 25 kishilik keng kommunistik razvedka tashkilotini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Yaponiyada josuslarga qarshi kurash boshlandi. Hukumat shu munosabat bilan josuslikka qarshi kunlar va hatto haftalarni ham o‘tkazdi. Hushyorlikka chorlovlar gazeta, kinoteatr ekranlari va radioda ham eshittirildi, dushman agentlarining rasmlari do‘kon peshtaxtalariga ilib chiqildi. Sovet razvedchigi juda hushyor edi, u o‘zini oshkor qilib qo‘ymasdi, hatto ichib olgan paytida ham bu borada gap-so‘z bo‘lmasdi.
Kremlning xiyonati
Ramzay guruhi faoliyati sovet razvedkasiga 40 ming dollarga tushgani ma’lum bo‘ldi, ammo bu juda ramziy summa. Zorgening yordamchilari, birinchi navbatda, qonuniy faoliyatidan olingan daromadlari hisobiga yashagan edi. Rixardning o‘zi esa turli nashrlarda chop etilgan nashrlarning mualliflik haqi evaziga kun kechirar edi.1941-yil may oyida “Ramzay” Germaniyaning Sovet Ittifoqiga hujumi rejalari haqida xabar topdi. U Moskvaga bosqinning hatto aniq sanasigacha (22-iyun) yetkazdi. Ammo SSSR davlat xavfsizlik rahbari Lavrentiy Beriya ushbu xabarni “shubhali” tamg‘asi bilan provokatsion xabarlar joylashgan jildda saqlashni aytdi. Zorge taqdim etgan ma’lumotlar hayratlanarli darajada batafsil bayon qilingan edi, ammo Stalinning Gitler SSSRga hujum qilmaydi degan ishonchiga umuman to‘g‘ri kelmasdi. Shundan kelib chiqib, bularning barchasi e’tiborga olinmadi, shunchaki rad etildi. Stalin Ramzay guruhi faoliyatiga unchalik ham ishonmas edi, unga shubha bilan qarar edi.
1941-yil oktabrda Yaponiya maxsus kuchlari tasodifan Ramzay agentlari iziga tushib qoldi. Tez orada Rixard Zorgening o‘zi ham hibsga olinib, tergov jarayonlari boshlandi. Tergov deyarli ikki yilga cho‘zildi. Shu vaqt ichida Yaponiya SSSRga josusni almashishni uch marta taklif qildi va barchasiga javob tariqasida Moskvadan “Biz Rixard Zorge ismli odamni bilmaymiz” yozuvli xat oldi.
1943-yil 29-sentabrda Tokio sudi sovet razvedkasining josusiga o‘lim jazosini berdi. Ammo bir yildan ko‘proq vaqt davomida Rixard qamoqda qaror ijrosini kutib turdi. Bu jarayon bir yil davom etdi va 1944-yilning 7-noyabrida uni dorga olib ketishga kelishdi...
Tan olinmagan josus taqdirlandi
SSSR yaponlar tomonidan qatl etilgan sovet josusini faqatgina 1964-yilga kelib tanidi. Rixard Zorge ismini tarix sahifalariga qaytarishga imkoniyat paydo bo‘ldi. O‘sha paytda Kremlda xorijiy rejissorlar tomonidan yaratilgan filmlarning shaxsiy namoyishlari mashhur edi. Sovet davlatlarining ko‘plab rahbarlari senzura tufayli keng ommaga namoyish qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan filmlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi.KPSS Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Nikita Xrushchyov chet el kinematografiyasiga befarq edi, lekin fransuz rejissori Iv Sampining “Siz kimsiz, doktor Zorge?” nomli hujjatli filmini namoyishiga u ham tashrif buyurdi. Nikitaga lenta shu qadar yoqqanki, kino zalida chiroqlar yoqilgandan so‘ng u g‘ayrat bilan: “U haqiqiy qahramon!”, deb baqirib yuborgan edi.
Bosh kotibning fikri harakatga ko‘rsatma sifatida qabul qilindi va kommunistik targ‘ibot mashinasi tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Tez orada Moskva va Bokuda Zorge yodgorliklari paydo bo‘ldi. Mamlakatning barcha burchaklaridagi o‘nlab ko‘chalarga uning nomi berildi. Sovet matbuotida afsonaviy razvedka xodimi va fransuz rejissorining mohir ijodi haqida maqolalar chiqa boshladi. Uning tasviri tushirilgan pochta markalari chiqarildi, ishlab chiqarish jamoalari “Zorgening faxriy nomi” uchun kurashdi.
Ushbu kampaniyaning maqsadi razvedka xodimiga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini berish edi. Bundan tashqari, mukofotlash to‘g‘risidagi qaror Markaziy qo‘mitaning maxsus chaqirilgan Plenumi tomonidan qabul qilindi.
Mirjalol Qosimov tayyorladi.
Izoh (0)