Novosibirsklik blogerlar “VAZ-2110” dvigateliga motor moyi o‘rniga kislota quysa, nima sodir bo‘lishini tekshirib ko‘rishga qaror qildi. Tajriba roligi YouTube’dagi “Garaj 54” kanaliga joylashtirilgan.

Kadr: YouTube

Tajribani o‘tkazish uchun blogerlar dvigateldagi motor moyini to‘liq to‘kib olgan. Shundan so‘ng kuchli reaksiya yo‘qligiga ishonch hosil qilish o‘sha moy idishiga bir necha tomchi kislota tomizgan. Xavfsizlik vositalaridan foydalanilgan holda yarim litrga yaqin elektrolit dvigatelga quyilib, undan keyin avtomobil o‘t oldirilgan.

“VAZ-2110” motori 30 soniyaga yaqin ishlab, tutashni boshlagan va natijada o‘chib qolgan. Shu sababli blogerlar mashinani bir sutkaga shu holda qoldirishga qaror qilgan. Ertasi kuni dvigatel ichi moy quyish idishi yordamida qaralganida, ko‘zga ko‘rinarli hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmagani aniqlandi. Ammo motor baribir o‘t olmagan. Shundan so‘ng blogerlar mashina “svecha”larini quritib, agregatni qayta o‘t oldirib ko‘rgan.

Motor yana ishlay boshlagan. Ammo bu safar ham uzoq emas — ikki daqiqadan so‘ng dvigatel yana o‘chib qolgan. Blogerlar klapanlar qopqog‘ini ochib, elektrolit quyilganidan so‘ng agregatga qanday o‘zgarish bo‘lganini kuzatgan — motor zangga o‘xshash qatlam bilan qoplangan. Shu sababli harakatga keluvchi elementlarning ishqalanishi sezilarli darajada ortgan va bu kuyishga olib kelgan.

Avvalroq ushbu blogerlar “Jiguli”ga “ZIL-130” dvigateli o‘rnatish loyihasini yakuniga yetkazgani to‘g‘risida xabar berilgandi.