Qirg‘iziston parlamenti deputatlari “Mekenchil” (“Vatanparvar”) partiyasi asoschisi Sadir Japarovni bosh vazir lavozimiga tasdiqladi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Ovoz berish paytida deputatlar ushbu lavozimga Japarovning nomzodini uning taklifiga binoan o‘zgarishsiz qolgan hukumat tarkibi va tuzilishini qo‘llab-quvvatladi.
Parlamentda so‘zlar ekan, Japarov yangi parlament saylovlari zarurligini e’lon qildi.
“Hozirgi vaziyat partiyaviy tizim tufayli yuzaga keldi, biz qonunlarni buzmasligimiz va takroriy saylovlar o‘tkazish masalasini hal qilishimiz kerak”, – dedi Japarov.
Japarov mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar ishtirokida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
“Xalq parlamentni isloh qilishni, bitta mandatli tizimni qaytarishni talab qilmoqda. Ammo biz konstitutsiyaviy islohotlarni barcha partiyalar bilan birgalikda hal qilamiz”, –dedi siyosatchi.
U Qirg‘iziston parlamenti muhokamasida bosh vazir lavozimiga yagona nomzod bo‘ldi. 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishda Japarov hukumat rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatildi. Parlament majlisi 10-oktabr kuni Ala-Archa davlat qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘izistonda 4-oktabr kuni parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentda deputatlik o‘rniga ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan yetti foizlik dovondan to‘rtta partiya o‘ta oldi. Bunda parlamentdagi o‘rinlarning yarmini umumiy hisobda “Birimdik” va “Mekenim Qirg‘iziston” partiyalari egalladi. Qayd etilishicha, “Birimdik” partiyasi prezident So‘ronboy Jeenbekov oilasi bilan yaqin aloqalarga ega, ikkinchi partiya esa Qirg‘izistondagi eng nufuzli kishilardan hisoblanadigan aka-uka Matraimovlar bilan bog‘liq.
Saylov natijalaridan norozi bo‘lgan minglab kishilar 5-oktabr kuni namoyishga chiqdi. Namoyishlar tartibsizlikka aylanib ketdi, tartibsizliklarda bir necha yuz kishi jarohat oldi, bir kishi vafot etdi. Namoyishchilar mamlakat parlamenti va prezident administratsiyasi joylashgan binoni egallab oldi, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va sobiq bosh vazir Sapar Isakovni qamoqdan ozod qildi.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 6-oktabr kuni parlament saylovi natijalarini haqiqiy emas deb topdi.
Norozilik namoyishlari fonida Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozmadi. Prezidenti So‘ronbay Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, muayyan sharoitlarda lavozimdan ketishga tayyorligini bildirdi.
9-oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi. Bishekda 9-oktabr soat 20:00 dan boshlab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi, shaharga harbiy bo‘linmalar va harbiy texnika kiritildi. Ayni shu kuni mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan suiqasd uyushtirildi. 10-oktabr kuni esa Atambayev qo‘lga olingani ma’lum qilindi.