Soliq maslahati institutini rivojlantirish va soliq ma’muriyatini takomillashtirish maqsadida, Moliya vazirligining ayrim funksiyalari Soliq maslahatchilari palatasiga o‘tkaziladi. Bu haqda Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Umid Hamroyev AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Bunga Prezident “Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos qilib olinmoqda.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan
- soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish,
- soliq maslahatchisining malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish,
- soliq maslahatchilarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash,
- soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish funksiyasini palata bajaradi.
Shuningdek, soliq maslahatchilari tashkilotlarining vakolatlari kengaytirildi, jumladan
- ularning xulosalari mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq organlari risk darajasi past va oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan ixtiyoriy tugatilayotgan soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq auditi o‘tkazilmaydi,
- soliq maslahatchilariga sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda kompyuter texnologiyalari, aloqa vositalari, audio va video yozib oluvchi vositalardan foydalanish huquqi beriladi,
- soliq maslahatlarida 3 yil davomida qatnashmagani uchun Soliq maslahatchisi guvohnomasini mehnat faoliyatini advokatlik birlashmalari, auditorlik tashkilotlari, shuningdek buxgalteriya xizmatini ko‘rsatadigan boshqa yuridik shaxslarda amalga oshirib kelgan holatlarda bekor qilish taqiqlanadi.
Umid Hamroyevning aytishicha, o‘z faoliyatini bir yildan ortiq muddat davomida amalga oshirayotgan va shtatida kamida bir yillik soliq maslahatchisi stajiga ega soliq maslahatchilari bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotlari ro‘yxat qilinadi, soliqlarga doir berilgan xulosa doirasida ixtiyoriy tugatilayotgan soliq to‘lovchining soliq majburiyatlari soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan yashirilganligi yoki qasddan buzib ko‘rsatilganligi holatlari soliq organlari tomonidan aniqlanganda ular ro‘yxatdan chiqariladi. Ro‘yxat soliq qo‘mitasining rasmiy saytida joylashtiriladi va muntazam ravishda yangilab boriladi.
Izoh (0)