2020-yilning 15-sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqovning Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari A.Overchuk bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Qayd etilishicha, uchrashuv ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi. Tomonlar o‘zaro kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildilar, shuningdek, qo‘shma tashabbus va loyihalar doirasidagi keyingi amaliy harakatlar belgilab olindi.

Investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli o‘sish dinamikasi qayd etildi — faqatgina joriy yilning sakkiz oyi davomida 209 qo‘shma korxona tashkil etildi va Rossiya kapitali ishtirokidagi O‘zbekiston korxonalarining umumiy soni so‘nggi uch yil ichida ikki baravarga ko‘payib 2 mingtadan oshdi.

O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni kelishish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi — ayni paytda sanoat kooperatsiyasi sohasida 5,8 milliard dollar miqdorida 104 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Qo‘shma loyihalar keyinchalik uchinchi mamlakat bozorlariga sotilishi uchun har ikki mamlakat hududida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan. Shuningdek, yangi natijador loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investitsiyaviy sheriklikni yana-da kengaytirish uchun ustuvorliklar belgilandi.

Imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasida tovar aylanmasini oshirish uchun qulay sharoit shakllantirishga imkon yaratadigan bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar kelishuvini jadallashtirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Bundan tashqari, O‘zAning xabar berishicha, O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga binoan, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakat delegatsiyasi 2020-yil 16–29-sentabr kunlari Rossiyaga yuboriladi.

Delegatsiya tarkibi quyidagicha:

  • Xayriddinov Mexriddin Akmalovich — Bosh vazir maslahatchisi — Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig‘i;
  • Muxitdinov Erkin Madorbekovich — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari;
  • Egamberdiyev Abdujabbor Xusanovich — Andijon viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish iqtisodiy masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
  • Pardayev Rustam Ubodullayevich — Surxondaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish iqtisodiy masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
  • Urakov Jamshed Rajabovich — Samarqand viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish iqtisodiy masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari;
  • Sa’dullayev Alisher Zafarovich — Yoshlar ishlari agentligi direktori;
  • Umarov Xayrulla Saydullayevich — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari;
  • Botirjonov Otabek Botirjonovich — Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti bosh mutaxassisi.

Hukumatning tegishli farmoyishi bilan Moliya, Transport, Tashqi ishlar vazirliklari, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hamda boshqa mas’ul idoralarga delegatsiya safarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari A.Overchuk yuqorida qayd etilgan Rossiyaga oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha alohida kelishuvga erishildi. Shu nuqtayi nazardan, bir qator qo‘shma tadbirlarni, jumladan, Mintaqalararo hamkorlikning II Forumi, XHYK hududida O‘zbekiston Ko‘rgazma-madaniy markazining ochilishi, Moskvada Made in Uzbekistan Milliy ko‘rgazmasi, Ta’lim forumi va Mediaforum tashkil etilishining amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Ular, shuningdek, mehnat migratsiyasini tizimlashtirishning amaliy mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish va vatandosh-muhojirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga va ularning Rossiyada yashash va mehnat faoliyatini olib borish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tartibga solingan tizimni joriy etish bo‘yicha kelgusida birgalikda ish olib borish zarurligini ta’kidladi.