1975-yildan 1990-yilgacha fuqarolik urushi girdobida qolgan Livanda eng qo‘rqinchli fojiani falastinlik qochqinlar boshdan kechirdi. Livanning radikal falangistlari 1982-yil 16–17-sentabrda falastinlik qochqinlar yashovchi Sabra va Shatila lagerlarida qirg‘in uyushtirdi. “Daryo” sana munosabati bilan ushbu fojia haqida hikoya qiladi.

Ko‘pgina Falastin tashkilotlari ushbu fuqarolar urushida faol ishtirok etdi, ularning aksariyati turli xil partiyalar va guruhlarni birlashtirgan, asosan musulmonlardan iborat hukumatga qarshi “Milliy-vatanparvarlik kuchlari” koalitsiyasi tarafida turdi. Ushbu guruhlarning o‘zaro qarama-qarshiligi natijasida bir necha marta tinch aholini qirg‘in qilish holatlari yuz berdi va natijada minglab odamlar halok bo‘ldi. Shunday qilib, 1976-yil 18-yanvarda o‘ng qanot xristian-falangistlar Karantinaga bostirib kirdi (Falastinni ozod qilish tashkiloti tomonidan nazorat qilinadigan Bayrutning musulmonlar mahallasi), mingdan ortiq odam, shu jumladan, tinch aholi qirg‘in qurboniga aylandi.

Foto: Google Photos

FOT jangarilari ham, o‘z navbatida, oradan ikki kun o‘tib – 1976-yilning 20-yanvarida xristianlarning Damur shahrini egallab oldi, hujum va undan keyin sodir bo‘lgan qirg‘inlarda jami 584 kishi halok bo‘ldi. O‘sha yilning avgust oyida uzoq davom etgan qamaldan so‘ng birlashgan o‘ng qanot xristian kuchlari Falastinning xristian sharqiy Bayrutidagi asosiy harbiy bazasi bo‘lgan Tel al-Zataar qochoqlar lagerini egallab oldi. Turli taxminlarga ko‘ra, u yerda 1 500 dan 3 000 gacha falastinlik halok bo‘ldi.

Livanda fuqarolik urushi

FOTning mavjudligi 1970-yillarning oxirida Livanda barqarorlikni buzuvchi kuchli omilga aylandi. Janubiy Livan qurollangan FOT qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinib, qochqinlar lagerlari jangarilarning mashg‘ulot bazasiga aylantirildi. Bir necha yillar davomida Livan janubidagi bazalardan Isroilga qarshi o‘q otish va terroristik hujumlar uyushtirildi. Isroil bunga havo hujumlari va quruqlikdagi cheklangan operatsiyalar bilan javob qaytardi.

1982-yil 1-sentabrda Bayrut hududidagi shiddatli janglardan so‘ng Falastinni ozod qilish tashkiloti qurolli kuchlari Isroil bilan kelishuv doirasida xalqaro kuchlar nazorati ostida Livanni tark etishdi. Isroil bunga javoban Falastin va musulmonlar yashaydigan g‘arbiy Bayrutga qo‘shin yubormaslikka va’da berdi. Qo‘shma Shtatlar Livanda qolgan falastinlik tinch aholining xavfsizligiga kafolat berdi. 15-sentabrda salkam bir oy oldin Livan prezidenti etib saylangan nasroniy Bashir Gemayel o‘ldirilganidan so‘ng Isroil qo‘shinlari avvalgi kelishuvlarga zid ravishda g‘arbiy Bayrutga kirib keldi. Livanlik xristianlar Gemayelning o‘limida falastinliklarni aybdor deb hisobladi.

Sabra va Shatila lagerlari

Sabra va Shatila lagerlari 1947–1949-yillarda Arab-Isroil urushi natijasida Falastin arab aholisining aksariyati o‘z uylarini tark etganlaridan keyin tashkil etilgan. Urushdan keyin Isroil qochqinlarning yerlari va uylarini rekvizitsiya qildi va ularning Isroilga qaytishini taqiqladi. Livan hukumati esa qochqinlarga fuqarolik berishni rad etdi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari juda past edi.

1970-yilda Iordaniyada “davlat ichida davlat” tuzishga urinishdan so‘ng Falastinni ozod qilish tashkilotining jangchilari Iordaniyadan quvib chiqarilib, Livanga ko‘chib o‘tdi. Ularning qarorgohlari qochqinlar lagerlari, jumladan, Sabra va Shatila edi. Livanda Falastin jangarilarining paydo bo‘lishi ushbu mamlakatning konfessional va etnik tarkibini beqarorlashtirdi va uzoq vaqt davom etgan fuqarolar urushining boshlanishida muhim rol o‘ynadi.

Foto: Google Photos

Bir qator manbalarga ko‘ra, Sabra va Shatila lagerlari xalqaro terrorizm uchun asosiy o‘quv markazlari bo‘lib xizmat qilgan. Butun dunyoda taniqli terrorchilarning aksariyati (Italiyaning Qizil brigadasi, Germaniyaning Qizil Armiya Fraksiyasi, Bask ETAsi, Ilyich Ramirez Sanches, Abu Nidal, Iroq, Liviya, Yaman, Misr, Jazoirdan kelgan terrorchilar) bu yerda Falastinni ozod qilish tashkiloti mutaxassislari tomonidan samolyotlarni olib qochish, plastik portlovchi vositalardan foydalanish bo‘yicha o‘qitilgan. FOT jangarilari tomonidan asirga olingan ko‘plab livanliklar bu lagerlardan tirik chiqmadi.)

Falangistlar

Falangistlar millatchi Livan xristian partiyasi “Kataib” a’zolari edi. Partiya 1936-yilda Per Gemayel tomonidan tashkil etildi. Partiya g‘arbparast yo‘nalishga rioya qilgan holda mamlakat siyosatida muhim rol o‘ynadi. Falangistlar 1975-yil 13-aprelda falastinlik jangarilar tomonidan o‘zlarining yetakchisi Per Gemayelning hayotiga qilingan tahdidga javoban falastinliklar o‘tirgan avtobusga o‘q uzdi. Ushbu voqea Livanda ko‘p yillik fuqarolar urushini keltirib chiqardi.

Livanda fuqarolar urushi boshlangach Isroil tomoni falangistlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi va ularni qurol-yarog‘, kiyim-kechak va boshqa materiallar bilan ta’minladi. 1982-yilda falangistlar Isroilning Livanga bostirib kirishini qattiq qo‘llab-quvvatladi. Falangistlar partiyasi rahbari shayx Per Gemayel Isroil televideniyesiga bergan intervyusida undan falangistlar nega jangovar harakatlarda ishtirok etmasliklarini so‘rashganda ular arab dunyosida begona bo‘lishni istamasliklarini aytdi.

Livan yetakchisi Etyen Saker boshchiligidagi “Kedrlar qo‘riqchilari” millatchi tashkiloti ochiqdan ochiq isroilliklarning tarafini oldi. Mamlakat janubiga hujumlar paytida Isroil qo‘shinlari xristian va musulmon (asosan shialar) aholi tomonidan iliq kutib olindi, ular Falastin tashkilotlarining doimiy o‘zboshimchaliklaridan charchagan edi. Kaxan komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Bosh shtabi boshlig‘i Eytan falangistlarga janglarda qatnashishdan tiyilishni buyurgan, chunki u tinch aholining qasos olishidan qo‘rqqan.

Falangistlar rahbariyati falastinlik qochqinlar Livandagi nasroniylarning mavqeyiga (siyosiy va demografik nuqtayi nazardan) xavf tug‘diradi deb hisoblar edi va shu sabab ularni mamlakatdan chiqarib yuborishni, shu jumladan, zo‘ravonlik ishlatishni qo‘llab-quvvatladi. Isroil Livanga bostirib kirganidan so‘ng falangistlar “Ketaib Lubnaniyeh” yozuvi va sadr tasviri tushirilgan emblemasi bo‘lgan Isroil harbiy kiyimlarini kiydi (Report of the Commission of Inquiry into the events at the refugee camps in Beirut, 8 February 1983).

Foto: Google Photos

Sabra va Shatilada FOT jangarilari borligi haqidagi fikrlar

Falastinni ozod qilish tashkilotining bildirishicha, jangarilari kelishuvga binoan qirg‘indan ikki hafta oldin Bayrutni butunlay tark etdi. Biroq lagerlarni o‘rab olish jarayonida Isroil kuchlarining o‘qqa tutilishi va ko‘plab ko‘rsatmalar shuni ko‘rsatadiki, operatsiya kuni lagerlarda Falastin va Livan musulmonlari tomonidan bir qator qurollangan odamlar bo‘lgan edi.

Ularning soni biroz munozarali masaladir. Xususan, Gemayel o‘ldirilgandan so‘ng Ariel Sharon Falastinni ozod qilish tashkiloti g‘arbiy Bayrutda 2-3 ming jangarini qoldirganini aytadi. Sabra va Shatilada FOT jangarilari, shuningdek, kamuflyaj qilingan yerosti istehkomlari borligi haqidagi ma’lumotni FOT ittifoqchisi ushbu lagerlarga bir necha bor tashrif buyurgan taniqli xalqaro terrorchi Ilyich Ramires Sanches ham tasdiqlaydi.

Jurnalist Donald Neff Sabra va Shatiladagi Falastinni ozod qilish jangarilarining ayblovlari Isroil tomonining uydirmasi deb hisoblaydi. Falastinlik guvohlar va ba’zi jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar va livanliklarning kam sonli qurollangan guruhi lagerlarni himoya qilishga urindi.

Voqealar rivoji

15-sentabr kuni soat 6:00 da Isroil armiyasi g‘arbiy Bayrutga kirib keldi. Kaxanning hisobotlariga ko‘ra, dastlab qurolli qarshilik ko‘rsatilmagan, biroq bir necha soatdan keyin shaharda qurollangan jangarilar harakati boshlandi. Natijada, uch askar halok bo‘ldi va 100 dan ortiq kishi yaralandi. Sabra va Shatila kvartallarini o‘rab olish va to‘sish jarayonida Shatilaning sharqiy qismida kuchli otishma boshlandi. Bir Isroil askari halok bo‘ldi va 20 kishi yaralandi.

Kaxan komissiyasi keltirgan armiya yo‘qotishlari haqidagi faktlar ba’zi jurnalistlar tomonidan rad etildi. 16-sentabr kuni soat 18:00 da rejaga muvofiq falangistlar otryadlari, jami 200 ga yaqin kishi, Sabra va Shatila tumanlariga “FOT terrorchilaridan tozalash” maqsadida kirib keldi. Morrisning so‘zlariga ko‘ra, falangistlar va lager aholisi o‘rtasidagi to‘qnashuv falangistlar lagerga kirgandan so‘ng darhol kechki soat oltilarda to‘xtadi. Falangistlar kuchlari kichik bo‘linmalarga bo‘linib, uyma-uy yurib, aholini ayovsiz qirib tashladi. Qirg‘in deyarli 30 soat to‘xtovsiz davom etdi.

Foto: Google Photos

Ko‘p o‘tmay lagerda tinch aholi qirg‘in qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Qirg‘inning ikkinchi kunida falangistlar lagerlar ichida joylashgan Akka kasalxonasiga bostirib kirdi, ular u yerda bemorlarni o‘ldirdi, ikkita hamshirani zo‘rlashdi va o‘ldirishdi. Keyin lager aholisi yaqin atrofdagi stadionga olib ketildi. Falastinliklarning guvohlik berishlariga ko‘ra, bu yerga kelingach erkaklarga yerda sudralishi buyurilgan va tez sudralib yurganlar shu yerdayoq o‘ldirilgan, chunki bu ularning jangari ekanliklarini anglatishi mumkin edi.

17-sentabr kuni ikki Isroil jurnalisti Itsxak Shamir va Sharondagi tinch aholining ommaviy ravishda o‘ldirilgani to‘g‘risida izoh talab qilishdi, ammo ular bunga javob ololmadi. Falangistlar Sabra va Shatilada 18-sentabr kuni ertalab soat sakkizga qadar bo‘ldi. Xuddi shu kuni ertalab soat to‘qqizda lagerda bo‘lgan Isroil va xorijlik jurnalistlar bu yerda yuzlab jasadlarni topdi. Yana noma’lum miqdordagi jasad falangistlar tomonidan buldozerlar yordamida lagerlarning janubiy qismidagi xarobalardagi ariqlarga ko‘mib yuborildi.

16-sentabr kuni tushdan keyin oq bayroq tutgan besh oqsoqol lagerdan chiqib ketdi, ular isroilliklardan lagerlarni artilleriya bilan o‘qqa tutishni to‘xtatishni so‘ramoqchi edi. Ammo to‘rt elchi Isroil armiyasining tekshiruv punktida o‘ldirildi.

Voqealar talqini

Le Monde nashridan Per Pen shunday deb yozadi: “Falastinliklarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Isroil askarlari lagerlarning yaqin atrofi va ichkarisida hibsga olish, qaroqchilik, kaltaklash va qatl etish ishlarida qatnashdi. Xuddi shu guvohliklarga ko‘ra, keyinchalik isroilliklar tomonidan hibsga olingan erkaklar, bolalar va o‘spirinlarning ba’zilari o‘ldirildi”.

Lang Folk (Daniya) gazetasi muxbiri Klaus Larsen ham Isroil armiyasining quyi saflari falangistlar bilan lagerda bo‘lganini yozdi. Dalil sifatida u nafaqat tirik qolgan falastinlik guvohlarning ko‘rsatmalarini, balki ular topshirgan ashyoviy dalillarni ham keltirdi.

Kaxan komissiyasi

Qirg‘in tafsilotlari ma’lum bo‘lgandan so‘ng Isroil muxolifatchilari voqea uchun Isroilning javobgarligi darajasini tekshirishni talab qildi. 24-sentabrda Tel-Avivda namoyish o‘tkazildi, namoyishchilar Bosh vazir Begin va mudofaa vaziri A. Sharonning iste’fosini va sud komissiyasini tayinlashni talab qildi. Bu Isroil tarixidagi eng ommaviy noroziliklardan biri bo‘lib, mamlakat aholisining deyarli 10 foizini qamrab olgan.

Foto: Google Photos

Begin hukumati avval Isroil qirg‘in uchun javobgar emasligini aytdi. Hukumat bayonoti e’lon qilindi, unda Isroilga qarshi barcha ayblovlar tuhmat va antisemitizm deb nomlandi. Isroil ichidagi norozilik kuchaygani sababli tergov mamlakat nufuziga zarar yetkazadi deb hisoblagan ko‘plab vazirlarning qarshiliklariga qaramay, bosh vazir Menaxem Begin 1982-yil 29-sentabrda Isroil bosh sudyasi Yitsak Kaxan boshchiligida mustaqil komissiya tuzdi. Komissiya hisobotida qirg‘in arablar tomonidan arablarga qarshi amalga oshirilgani va unda bitta ham Isroil askari yoki Isroilning to‘g‘ridan to‘g‘ri ittifoqchisi (Livan janubidagi armiya qismlari nazarda tutilgan) qatnashmagani aytildi.

Shu bilan birga, komissiya mudofaa vaziri Ariel Sharon falangist nasroniylardan qasos olish imkoniyatini hisobga olmagan va o‘z qurolli kuchlariga hudud bo‘ylab erkin va nazoratsiz harakat qilish imkoniyatini bergan holda beparvolik qilganini aniqladi. Shuningdek, komissiya Bosh shtab boshlig‘i Rafael Eytan, Harbiy razvedka boshlig‘i Yehoshua Sagi (ishdan bo‘shatilgan) va “Mossad” direktori Naxum Admonining harakatlarini qoniqarsiz deb topdi. Komissiyaning hisobotidan so‘ng Vazirlar mahkamasi Sharonning mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqishiga ovoz berdi. Kaxan komissiyasining hisoboti AQSh va g‘arbiy Yevropada demokratiyada o‘zini tanqid qilishning muhim namunasi sifatida baholandi.

Xalqaro munosabat

BMT Xavfsizlik Kengashi qirg‘inni qoraladi. BMT Bosh assambleyasida qabul qilingan rezolyutsiya Sabra va Shatiladagi qatliomni genotsid akti sifatida baholaydi. AQSh prezidenti Ronald Reygan ushbu hujumdan dahshatga tushganini aytdi. Xalqaro hamjamiyat Isroilni tinch aholini qirg‘in qilishda aybladi. Ushbu fikrga ko‘ra, mahalliy Isroil qo‘mondonlari va yuqori harbiy qo‘mondonlikning harakatsizligi qirg‘inning ro‘y berishiga imkon berdi. Bir qator manbalarga ko‘ra, Sabra va Shatiladagi qirg‘inlarga aynan Isroil aralashgani uchun juda katta e’tibor berildi. Ushbu fikr, xususan, o‘tish davrida iqtisodiyot instituti olimlari tomonidan bildirildi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.