Buyuk Britaniyada koronavirusga qarshi vaksina tayyor bo‘lishi bilan dastlabki olti oy ichida emlanishga rozi bo‘lgan respondentlar ulushi 78 foizni tashkil etmoqda. Bu haqda Deusche Bank tomonidan oltita g‘arb mamlakatlari — Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh, Italiya, Ispaniya va Germaniyada o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasi ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: AP Photo

Britaniyaliklarning 9 foizi vaksinatsiyadan o‘tishni istamasligini ko‘rsatgan bo‘lsa, 13 foizi biror qaror qabul qilishga shoshilmagan. Koronavirusga qarshi emlanishga tayyorlar ulushi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni AQSh egallagan — respondentlarning 75 foizi (14 foizi emlanishga rozi bo‘lmagan, 11 foiz biroq qaror qabul qila olmagan). Fransiyada ushbu ko‘rsatkich 61 foizni (19 foizi tayyor emas), Ispaniyada — 72 foiz (11 foizi tayyor emas), Germaniyada — 70 foiz (16 foizi tayyor emas) hamda Italiyada esa — 70 foizni (18 foizi tayyor emas) tashkil etgan.

Bundan tashqari, Ispaniya, Germaniya, Britaniya va Italiyadagi respondentlarning yarmidan ko‘pi COVID-19’ga qarshi emlashni majburiy ravishda amalga oshirish lozim deb hisoblamoqda. Fransiyada bu kabi fikrni so‘rov ishtirokchilarining 42 foizi qo‘llab-quvvatlagan, 39 foizi — bunga qarshi.

Ta’kidlanishicha, vaksinatsiya uchun ikki marotaba ukol qilish lozimligi hisobga olinadigan bo‘lsa, koronavirusga qarshi butun dunyo aholisini emlash uchun 15 milliard doza kerak bo‘ladi. Dunyoda katta hajmda dori vositasini ishlab chiqarishga to‘rt yoki oltita kompaniya qodir, bu esa global ko‘lamda vaksinatsiyani amalga oshirishni qiyinlashtiradi.

Shu yilning oxiriga qadar COVID-19’ga qarshi 800 million doza vaksina ishlab chiqarilishi kerak, keyingi yil oxiriga borib esa — 4,5 milliard dozaga yetadi.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi bo‘yicha direktori Hans Klyuge koronavirusga qarshi yaratiladigan bo‘lajak vaksina pandemiyaga chek qo‘ya olmasligi va aholining barcha qatlami uchun birdek samarali bo‘lmasligini ma’lum qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oxirlarida Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida “Sputnik V” vaksinasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolangani, Rossiyada gripp va koronavirusga qarshi yagona vaksina yaratilayotgani, “Rospotrebnadzor”ning “Vektor” davlat ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirus infeksiyasiga qarshi ikkinchi vaksinaning klinik sinovlari ikkinchi bosqichi yakuniga yetkazilishi bilan guvohnomaga ega bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar berilgandi. Bir necha kun oldin Britaniya—Shvetsiyaning AstraZeneca kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina sinovlari bemorlarning birida ikkilamchi ta’sir paydo bo‘lgani sabab to‘xtatilgan edi.