Xonanda Hadicha Qurbonova eri koronavirusdan vafot etganini ma’lum qildi.

Foto: YouTube

Bu haqda xonanda YouTube’dagi YashinTV kanaliga bergan intervyusida gapirib berdi.

Turmush o‘rtog‘im hamisha davolanib, o‘zlariga qarab yurar edilar. Karantin bo‘lgan vaqtda ishxonalaridan ham koronavirus chiqqan ekan. Bir kuni uyga kelib, onasi menga koronavirus yuqib qolmadimikin, chunki virus aniqlangan xodimimiz bilan bitta xonada ishlagan edik, dedilar. Undan keyin bozorlarga ham bordik, ahvollari yaxshi edi. Keyin tumov bo‘lgandek bo‘ldilar, dorilar ichdik. Ahvollari biroz og‘irlashgandi, shifoxonaga borib test topshirib keldik. Bu voqea iyul oyida bo‘ldi. Onasi koronavirus bo‘lgan odamda hid, ta’m sezmaslik bo‘lar ekan, menda hammasi yaxshi, dedilar. Nafas olishingiz qanday, deganimda nafas olishim ham yomon emas, dedilar. Odatda astmalari borligi sabab ba’zida nafas olishlarida muammo bo‘lar edi. Keyin qonlari quyuq bo‘lgani bois doim dori ichib yurardilar.

Ikki marta tekshirtirdik — koronavirus chiqmadi. Arafa yaqinlashgan vaqtlarida og‘irlasha boshladilar. Ro‘za tutgandilar. Dadasi, ro‘zangizni ochavering, Xudo xohlasa, keyin tutasiz, deganimda xafa bo‘ldilar. Shifoxonada emas, uyda davolanaman, o‘zingiz qaraysiz, deb shifoxonaga ham yotmadilar.

To‘g‘risi, shuncha kun yotgan bo‘lsalar, hattoki isitma ham chiqqani yo‘q, faqatgina nafas siqishi bo‘ldi xolos. Shifokor aytgan barcha muolajalarni uyda qildik. Ahvollari biroz og‘irlashgach, tez yordam chaqirishga majbur bo‘ldik. Nafas olish moslamalari bor tez yordam mashinasini chaqirganimiz sabab u ham tez kelmadi. Tez yordam kechroq keldi, isitma chiqishni boshladi. Oxirgi marta o‘sha — tez yordamda borganimda Zangiotada ko‘rdim. Ularni Zangiotadagi kasalxonaga yotqizdik,  chunki boshqa kasalxonalarda joy yo‘q deyishdi.

Zangiotadagi shifoxonaga kirishga ruxsat berishmadi. Yosh bolalar bor, bolalarni ehtiyot qiling, onasi, dedilar. Oxirgi ko‘rganim shu bo‘ldi. Hali ham ishongim kelmaydi, chunki unaqa yomon ahvolda emas edilar. Juda ham bolajon inson edilar, oxirgi gaplari ham “bolalarga qarang, bolalarga ehtiyot bo‘ling” degan so‘zlari bo‘ldi.

Shifokorlar erimning qachon ahvoli yomonlashganini ham, qachon joni uzilganini ham aniq aytishmadi. 26-iyul kuni joni uzildi deyishdi, uyga ham berishmadi. Janoza ham qabristonda o‘qildi. 29-iyul kuni peshindan keyin qabristonga qo‘yib kelishdi.

Hadicha Qurbonova, xonanda va aktrisa

Ma’lumot uchun, xonanda Xadicha Qurbonova muxlislar orasida o‘zining “Bevafo”, “Bilmadim jonim”, “Alvido”, “Kelma” kabi qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan. Xonanda 2017-yilda Xalqlar do‘stligi san’at saroyida “Bir go‘zal” deb nomlangan yakkaxon konsert dasturini ham taqdim etgan.