O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova 2020-yilning 25-avgust kuni koronavirus asoratlari oqibatida 73 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovga bergan intervyusida teatr va kinoda barakali ijod qilgan yaqin hamkasbi bilan bog‘liq xotiralarini hikoya qildi.

Fotokollaj: “Daryo”

Dilbar opam bilan 1989-yildan buyon shaxsan tanish edik. O‘ttiz yil teatrda bitta pardozxonada birga pardoz qildik. Yillar davomida bir-birimizga juda bog‘lanib qoldik, sirdosh, dardkash bo‘ldik, kunimiz teatrda o‘tardi. Spektakllar, repetitsiyalar ketma-ketligi bizni yanada qadrdonga aylantirdi. “Chimildiq”, “Qalliq o‘yini”, “Qirmizi olma”, “O‘zbekcha raqs” kabi juda ko‘plab sahna asarlarida partnyor edik.

Ular dardini hammaga ham aytmasdi. Hamkasblaridan Dilnoza Kubayeva, Feruza Boboyorova, ayniqsa, meni yaqin olib ko‘nglini ko‘p ochardi. Samarqandga ota uyimga bir necha marotaba borib, mehmon bo‘lgan. Men ham ularning xonadoniga borganimda, onasi Jamilaxon aya juda yaxshi kutib olardi. Mehr-oqibatimiz kuchli, oilaviy yaqinligimiz bor edi.

Hayotda juda kamgap, tortinchoq va beozor ayol edi. Jurnalistlar intervyu olish uchun qo‘ng‘iroq qilishganida ham ko‘pincha rad etardi. Lekin jussasi kichkina bo‘lsa-da, sahnada yuragi yonardi, juda qudratli edi. “Sizning ichingizda ikkita odam yashaydi”, derdim hamisha. Dilbar opam kabi boshqa aktrisa teatrga qaytib kelmasa kerak. Uning juda katta o‘rnini hech kim to‘ldirolmaydi.

“Chimildiq” spektakli va kinosida ham birga rol o‘ynaganmiz. Film suratga olish maydonchasiga dushanba kuni mashinamda Dilbar opam, Muqaddas Xoliqova va bir qancha hamkasblar birga ketib, juma kuni qaytib kelardik. Shanba va yakshanba kunlari esa sahnada “Chimildiq” spektaklida rolimizni ijro qilardik. Har bir kunimizda bir xotira bor edi. Turli davlatlar va viloyatlar bo‘ylab ijodiy safarlarga borganimizda ham doim bitta xonada turardik.

Oxirgi marta birgalikda karantindan avval “O‘zbekcha raqs”da rol o‘ynadik. Bu Dilbar opamning sahnadagi so‘nggi roli bo‘lib qoldi. Mazasi qochib, shifoxonaga tushib qolganida o‘g‘li Murodjon bilan xabarlashib turdim. Ammo ularning oldiga kirishimga ruxsat yo‘qligini aytishdi.

Dilbar opamning qon bosimi juda baland yurardi. Bir necha marta spektakl jarayonida ham tez tibbiy yordam shifokorlarini chaqirganmiz. Sahna ortida ukol olib, yana rolini o‘ynashda davom etardi. Bu safar ham kasallikni yengib o‘tishiga umid qilgandim. Ammo o‘lim haq ekan, bizni tashlab ketdi. Bu menga kuchli ta’sir qildi, Dilbar opamni yo‘qligiga haligacha ishongim kelmayapti. Ilohim oxirati obod bo‘lsin!”

Ra’no Yarasheva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist