Toshkent viloyati Ohangaron shahrida qoidabuzarligi uchun to‘xtatilgan va ma’muriy bayonnoma tuzish jarayonini tasvirgan olayotgan haydovchiga o‘zini obro‘sizlantiruvchi xatti-harakatlar qilgan YPX xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 9-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqda “Ohangarondagi masxaraboz GAI!” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqalgan.
Ma’luim qilinishicha, Toshkent viloyati Ohangaron shahar IIB YHXB YPX guruhi inspektori V.Qodirxonov 2-sentabr kuni Ohangaron shahar Amir Temur ko‘chasida xizmat o‘tayotgan vaqtida, soat 20:10 da Cobalt rusumli transport vositasi haydovchisi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga amal qilmasdan harakatlanib kelganligi uchun to‘xtatgan.
Haydovchi I.A.ga nisbatan sodir etgan qoidabuzarligi yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida, haydovchi shaxsiy uyali aloqa vositasi orqali holatni tasvirga olishni boshlagan.
Shu paytda tungi xizmatga jalb qilingan Ohangaron shahar IIB YHXB Ma’muriy huquqbuzarlik materiallarini ko‘rib chiqish bo‘yicha inspektori D.Mashkurov IIO xodimini obro‘sizlantiruvchi xatti-harakatlar qilgan. Xodimning bu xatti-harakati haydovchining tasvirlariga muhrlangan.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi YHXBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Tekshiruv xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Mavzuga doir:
- Navoiyda ayol kishi YPX xodimining bodikamerasi va jezl tayoqchasini olib qo‘ydi. Prokuratura holat yuzasidan surishtiruv boshladi (video)
- Samarqandda YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan 19 yoshli haydovchi olti sutkaga qamaldi
- Toshkent viloyatida YPX xodimiga 2 million so‘m pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi qo‘lga olindi