Izoh: Ushbu xabarning dastlabki tahririda SSV Olmaliq shahrida yashagan fuqaroning koronavirus asoratlari oqibatida vafot etishi haqida ilk bor 2-sentabr kuni xabar bergani ta’kidlangan edi. Ammo bu ta’kid xato — SSV Olmaliqda yashagan fuqaroning koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani haqida birinchi marta 28-avgust kuni xabar bergan. Anglashilmovchilik uchun mushtariylardan uzr so‘raymiz.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etganlar soni Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV)ning rasmiy hisob-kitobiga ko‘ra 301 nafarga yetdi (“Daryo” hisobi bo‘yicha 310 nafarni tashkil etmoqda). Vazirlikning 28-avgust soat 17:00 dagi axborotiga ko‘ra, koronavirusga chalingan ikki bemor — Olmaliq shahrida yashagan 74 yoshli R.U. ismli ayol hamda Shayxontohur tumanida yashagan 56 yoshli S.U.ismli ayol vafot etgan.

SSV Olmaliq shahrida yashagan fuqaroning koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani haqida birinchi marta axborot bermoqda. Iyulda shaharda koronavirusga chalingan 51 yoshli va 63 yoshli ikki ayol vafot etgani ma’lum bo‘lgandi, biroq ushbu holatlar yuzasidan SSV hozirgacha biror axborot bermadi (e’tiborga molik tomoni, ushbu ikki o‘lim holati Toshkent viloyati hokimligi yuritayotgan hisobga kiritilgan).

Bundan tashqari, SSV tomonidan tasdiqlanmagan yana o‘nga yaqin o‘lim holatlari bor.

Ma’lumot uchun, 28-avgust soat 17:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar umumiy soni 40 720 nafarga yetgan, hozirgacha ularning 37 873 nafari (93 foizi) sog‘aygan; ayni vaqtda 2 545 nafar bemor davolanishni davom ettirmoqda.