Internetda Janubiy Koreyaning LG Electronics kompaniyasi tomonidan yaratilgan qiziqarli smartfonga oid qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ldi. LG Wing shartli nomini olgan smartfon aylanuvchi ekran ostida qo‘shimcha sensor displeyli noodatiy form-faktorga ega bo‘ladi, deb xabar beradi IXBT.
XDA-Developers resursining ma’lumotlarga ko‘ra, LG Wing narxi 1600 dollarni tashkil etadi, HeraldCorp’ning yozishicha esa, qurilma “ming dollar atrofida” bo‘ladi.
Mish-mishlarga ko‘ra, smartfon asosiy ekranining diagonali 6,8 dyuymni, kichkinasi esa 4 dyuymni tashkil etadi. Shuningdek, qurilmaga Snapdragon 765 yoki 765G protsessori, asosiy datchigi 64 megapiksellga teng kamera o‘rnatilishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, “rotator” form-faktori uzoq yillar oldin mashhurlikka erishgan — bu kabi telefonlar orqali QWERTY klaviaturalaridan foydalanish mumkin bo‘lardi. Albatta, u vaqtlarda ikkita sensor ekrandan foydalanilmagan, umuman olganda zamonaviy smartfon tushunchasining o‘zi ham bo‘lmagan.
Avvalroq LG o‘zini bakteriyalardan tozalash funksiyasiga ega simsiz naushniklarni 149 dollardan sotuvga chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi.