1572-yilda Rim papasi Grigoriy XIII tantana bilan bayram uyushtirdi va Fransiya qiroliga tabriklar yo‘lladi. Chunki u Varfolomey tunida sodir etilgan gugenotlar qirg‘inidan juda xursand edi. “Bu qonli qirg‘in turklar ustidan qozonilgan ellikta g‘alabadan yaxshiroqdir” degandi o‘shanda Papa. “Daryo” Varfolomey kechasining tarixi va kelib chiqish sabablari haqida hikoya qiladi.
Gugenotlar
Gugenotlar (nemis tilidan: Eidgenossen “hamrohlar”) – fransuz protestantlaridir. Katoliklar 1572-yilning Avliyo Varfolomey kechasida aynan ularning qatag‘onini amalga oshirgan. Fransiyada katoliklar va gugenotlar o‘rtasidagi urushlar uzoq yillar davom etgan, 1559-yildan gugenotlarning ta’limoti bo‘lgan Kalvinizm mamlakatning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismida keng tarqala boshlagan.Kalvinistik ta’limot (kim jannatga kim do‘zaxga tushishini faqat Xudo hal qiladi, odam buni hech qanday tarzda o‘zgartira olmaydi) kalvinistlarni oxirat javobgarligidan ozod qildi va ularni do‘zax va jannatga tushish borasidagi doimiy tashvishlardan xalos qildi. Bundan tashqari, kalvinistlar cherkovga ushr to‘lashdan bosh tortdi. Natijada gugenotlar va zodagon gugenotlar soni tez suratlarda o‘sib bordi. Hatto 1534-yilda qirol Fransisk I o‘z xonalari eshiklarida katoliklikni masxara qiladigan varaqalarni uchrata boshladi. Shu paytdan boshlab gugenotlarni quvg‘in qilish boshlandi. Ko‘p o‘tmay qirol gugenotlarga o‘lim bilan tahdid qildi.
Sulolalar urushi
Kalvinistlar, avvalo, vijdon erkinligi uchun kurashgandi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu kurashlar asosan siyosiy klanlarning toj uchun kurashiga aylanib ketdi – bir tomondan, burbonlar (protestantlar), ikkinchi tomondan - valua va gizlar (katoliklar). Burbonlar valualardan keyin taxtga birinchi bo‘lib kelishlari kerak edi va bu ularning urushga tayyorgarligini kuchaytirdi. Ular o‘rtasida 1570-yilda bo‘lib o‘tgan urushdan keyin tinchlik sulhi o‘rnatilgandi. 1572-yil 23–24-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Avliyo Varfolomey tuni arafasida vaziyat shunday edi.Gugenotlar birorta ham yirik jangda g‘alaba qozona olmagan bo‘lsalar ham, qirol urushni davom ettira olmadi: bu juda qimmat edi. U gugenotlarga katta imtiyozlar berishga majbur bo‘ldi. Gugenotlar Parijdan tashqari hamma joyda ibodat qilishlari mumkin edi va ularga davlat lavozimlarini egallashga ham ruxsat berilgandi. Gugenotlarga to‘rtta qal’a berildi. Bundan tashqari, ularning rahbari admiral de Kolini qirollik kengashiga kirdi va qirolga kuchli ta’sir o‘tkaza boshladi.
Qirolicha Yekaterina Medichi ham (qirolning onasi), gizlar ham bundan qattiq tashvishda edi. Tinchlikni mustahkamlash uchun Yekaterina o‘z qizi Margaritani, navaralik taniqli gugenot Genrix IV ga turmushga berishga qaror qildi. To‘yga guguenotlardan ham juda ko‘p mehmonlar keldi. Ammo oradan to‘rt kun o‘tgach, gersog Genrix de Gizning buyrug‘iga binoan admiral Kolinining hayotiga suiqasd uyushtirildi. De Gizbu ishi bilan 9 yil oldin admiralning buyrug‘iga binoan o‘ldirilgan Fransua de Giz uchun qasos olgandi.
Bundan tashqari, u malika Margarita unga berilmaganidan ham g‘azabda edi. Ammo qotilning qurolidan uzilgan o‘q Kolinini yarador qila oldi xolos. Protestantlar aybdorlarni jazolashni talab qila boshladi. Yig‘ilgan qirol kengashi Gugenotlar qasos olishga ulgurmaslaridan ularga oldindan zarba berib, darhol ularining barchasini yo‘q qilish haqida qirolga maslahat berdi.
1572-yilga kelib, oliy hokimiyat gugenotlardan nafratlanardi – hukmron Valua sulolasi o‘zlarining xavfsizligidan bezovtalanardi. Ushbu diniy urushlar tarixida gugenotlar ikki marotaba Valua sulolasidan chiqqan qiroli Karl IX va ona qirolicha Yekaterina Medichini o‘g‘irlashga harakat qilgan. Shuningdek, qirolga yaqin odamlar ichidagi yetakchi rolni ashaddiy katolik bo‘lgan Giz knyazlari o‘ynashlari muhim edi.
Olomonning g‘azabi
Bundan tashqari, gugenotlar chet el qo‘shinlarini (inglizlar va protestant nemislarni) o‘zlariga yordam berishga chaqirdi va albatta ularga qirollik hisobidan hududlar berilishini va’da qildi. Gugenotlar ozchilik edi (aholining qariyb 10 foizi, ya’ni deyarli ikki million kishi), ammo ular barchani o‘z e’tiqodiga jalb qilishni istashardi va bu yo‘lda juda faol edi. Ular bilan bo‘lgan urushlar Fransiyani xonavayron qildi. Shunday qilib, ular katta xavfga aylandi.Boshida Kengash faqatgina yaralangan Kolinini va gugenotlarning o‘nlab rahbarlarini yo‘q qilishni rejalashtirdi. Biroq parijliklar uzoq vaqtdan beri qiroldan barcha gugenotlarni yo‘q qilishni so‘rashardi. 24-avgustga o‘tar kechasi ularning yetakchilari o‘ldirilishi bilanoq, shaharliklar ko‘chalarga toshib chiqa boshladi.
Odatda, qora rangda kiyingan gugenotlarni katoliklardan ajratib olish oson edi. Olomon gugenotlarni ayollar, bolalar, qariyalarga ajratmay, barchasini birin ketin o‘ldirishdi. Ushbu kechada ikki mingdan uch minggacha odam o‘ldi. Qirg‘inlar bir necha kun davomida ko‘plab shaharlarda davom etdi: Parij, Orlean, Mo, Trua, Somyur, Ruan, Tuluza, Lion... Natijada viloyatlarda yana 6–10 ming gugenotlar o‘ldirildi. Qirg‘inlarda hatto bolalar ham ishtirok etdi (dushman lagerining bolalari ularning qurbonlari bo‘ldi). Bu voqealardan ta’sirlangan shoir Agrippa d’Obinye “shamol nola va qichqiriqlarga aylandi” va Senada “suv emas, balki qon”, deb yozgan edi. Qizig‘i shundaki, bu qirg‘inni hatto insoniylikka moyil bo‘lmagan Ivan Grozniy ham qoralagan. 200 mingga yaqin gugenotlar vahima ichida mamlakatni tark etdi.
Bu shafqatsizlikka nima sabab bo‘ldi?
Bir tomondan, bu hamma narsani yanada og‘irlashtirdi, chunki jahl otiga mingan olomon kreditorlarini, suddagi raqiblarini, shunchaki dushmanlarini ham shaxsiy hisob-kitoblari tufayli o‘ldira boshlagandi.Gugenot kim va uning qotili kimligini keyin kim ham aniqlardi. Varfolomey kechasida hatto ko‘pchilik talon-toroj orqali boyib ham ketdi. Jazosizlik qurbonlar sonini ko‘paytirdi. Masalan, graf de Byussi d’Ambuaz o‘zining gugenot qarindoshi Antuan de Klermontni meros uchun raqibligi tufayli o‘ldirgan, chunki ular uzoq vaqt davomida sudlashishgandi. Faylasuf Petr Ramus boshqa bir mutafakkir Jan Batist Sherpantyening buyrug‘i bilan o‘ldirilgan: ular Aristotel falsafasini turli yo‘llar bilan tushunganlar va ko‘p nizolashishgan.
Ammo qirg‘inning asosiy sababi katoliklarning gugenotlarga bo‘lgan umumiy nafrati edi. Darhaqiqat, qirollik kengashining rejasiga ko‘ra, o‘n minglab odamlar emas, balki faqat bir nechta gugenot o‘ldirilishi kerak edi. Qolgani esa ommaviy tashabbus edi. Olomonning nafratiga bir nechta omillar sabab bo‘ldi. Birinchidan, o‘sha paytda diniy hayotdagi har qanday o‘zgarishlar konservativ tartibni o‘zgartirishga urinish sifatida qabul qilingan.
Aholisi asosan fanatik katoliklardan iborat bo‘lgan Parijga gugenotlar kirib kelganida, katoliklar ularning boy ekanliklari uchun ham yomon ko‘rardi. O‘sha paytda Fransiya og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan edi va kambag‘al olomon diniy dushmanlarning hashamatli yashashini ko‘ra olmasdi.
Gugenotlar ham oppoq emasdi...
Ikkala tomon ham bir-birlarini shaytonga yordam berishda ayblashardi. Din u paytlarda hozirgi kabi shaxsiy masala emasdi va bitta davlatda ikkita din bo‘lishi mumkin emas deb qaralardi. Gugenotlar ustunlik qilgan joyda ular katoliklardan shahar yoki qishloqni butunlay tark etishlarini talab qilardi. Ular ham katolik cherkovlarini vayron qilishgan, talon-toroj qilishgan, xochga mixlangan Iso siymolarini sindirishgan, ruhoniylarni qiynoqqa solib o‘ldirishgan va ularni osib qo‘yishgan. Ular katoliklarning butparast va xurofotchi deb hisoblagan.1560-yili gugenotlar Trua shahrida Muqaddas Bokira Mariya haykaliga loy chaplab, bo‘yniga o‘lik mushukni osib qo‘ygan. Katoliklarni shunday yo‘llar bilan haqorat qilinishi va o‘ldirilishi jamiyatdagi shafqatsizlikni kuchaytirib yubordi va katoliklarni shu qadar g‘azabli nafratga olib keldi. Eng yomon voqea 1567-yilda Nimda yuz berdi: bir kun ichida gugenotlar o‘nlab mahalliy katolik ruhoniylarini o‘ldirishdi va jasadlarini quduqqa tashlashdi (80 dan 90 gacha odam o‘ldirildi). Umuman olganda, gugenotlar ham katoliklarga nisbatan shafqatsiz edi. Shuning uchun ham ular o‘z navbatida Varfolomey kechasidagi qirg‘inni qabul qilib oldi.
Varfolomey kechasidagi qirg‘in hech narsani hal qilmadi. Faqat adovat kuchayib, yangi urushlar boshlandi. Yana bir nechta urushlar bo‘lib o‘tdi. Diniy qarama-qarshilik sifatida shakllangan ikki jamiyat o‘rtasidagi urush burbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)