Amerikaning Massachusets shtatidagi Boston shahrida 45 shifokordan iborat guruh 52 yoshli ayolga ikkinchi marta yuz ko‘chirib o‘tkazdi, deb xabar beradi Associated Press.
Karmen Blandin Tarltonni 2007-yilda sobiq turmush o‘rtog‘i rashk oqibatida beysbol tayoqchasi bilan urib, ishqor sepgan. Erkak aybini tan olgan va sud qilingan. U uch yil oldin qamoqda vafot etgan.
2014-yilda Tarlton birinchi marta yuz transplantatsiyasini o‘tkazdi. Bir yil avval sobiq hamshiraning yuzi organizmga moslasha olmagani oydinlashdi. Ayol ovqatlanishga qiynalar, u kuchli og‘riq qoldiruvchi vositalar bilan yashardi.
Shifokorlar bemorga ikkinchi marta yuz transplantatsiyasini o‘tkazishga qaror qildi. Jarrohlik amaliyoti iyul oyida bo‘lib o‘tdi va 20 soat davom etdi.
Jarrohlar birinchi transplantatni olib tashladi va noma’lum donordan yangi yuz ko‘chirib o‘tkazdi. Shifokorlarning aytishicha, bir necha oy ichida 52 yoshli bemor yuzining sezgi va motor funksiyasi tiklanishi va odatdagi turmush tarziga qaytishi mumkin.
“Og‘riqlar yo‘qoldi. Bu hayotimdagi yangi bo‘lim. Buni deyarli bir yil kutdim. Juda baxtliman”, — deydi Karmen Blandin Tarlton.
Izoh (0)