Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi bloger Maqsud Muzaffarovning uyi tintuv qilindi. Fuqaroning barmog‘ini sindirishda ayblanayotgan bloger mazkur ishni tergov qilayotgan va uning xonadonida tintuv o‘tkazgan IIBning xolisligiga ishonmayapti. Bu haqda “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Maqsud Muzaffarovning aytishicha, faoliyati tanqid qilib kelingan IIB blogerni shu tarzda jazolashga harakat qilmoqda.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, karantin paytida yo‘nalishli Damas’lar yo‘lkira narxini oshirib yuborgach, blogerlar Maqsud Muzaffarov, Kamil Faxriddinovlar tashabbus bilan chiqib, bepul taksi loyihasini amalga oshirgan.

“2020-yil 17-iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasidan bozorgacha bo‘lgan masofaga odam tashiyotgan Damas’lar 1500 so‘m narx belgilab olishgan ekan. Vaholanki, o‘rtadagi masofa nari borsa ikki kilometrni tashkil etadi. Men esa uch nafar tanishim bilan jami to‘rtta mashinada aholiga bepul xizmat ko‘rsatish uchun ‘stoyanka’ga bordik. Damas’chilar bizning niyatimizni bilgach, avvaliga bizga qasdma-qasd yo‘lkira narxini 500 so‘m qilib belgilashdi. Va o‘sha kuni tushgacha shu narxda odam tashidi. 500 so‘mga xizmat ko‘rsatmaydigan Damas’lar o‘rniga, biz bepul xizmat ko‘rsatdik va bozorgacha odam tashidik. Ammo Damas’chilar tushdan so‘ng to‘polon ko‘tarib, bizni kaltaklashdi”, — deydi bloger Maqsud Muzaffarov.

Maqsud Muzaffarov

Foto: “Daryo”

Tabiiyki aholiga beminnat xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan blogerlar ishi ushbu yo‘nalishdagi Damas’lar faoliyatini tartibga soluvchi uyushma mas’ullariga ham ma’qul kelmagan.

“Uyushma mas’uli yonimizga kelib maqsadimizni so‘radi. Aholi Damas’lar narxi oshib ketganidan shikoyat qilayotganini, shu bois taksi qilish niyatimiz borligini aytdik. U bizning ishimiz noqonuniyligini aytdi. Men ham uyushma mas’uliga uning ham ishi noqonuniyligini, karantin paytida Damas’lar faoliyati to‘xtatilganini aytdim. Va qonuniy tomonlama har ikkimiz ham xato qilayotganimizni bildirdim”, — deydi bloger.

Voqealar rivojiga ko‘ra, Damas’chilar blogerlarga bo‘sh ketmaslik uchun ilgari 1500 so‘mdan qatnagan manziliga, 500 so‘m narx belgilagan. Blogerlar esa narx tushganidan xursand bo‘lib, ortga qaytgan. Ammo tushdan so‘ng yana o‘sha yerga borishganida Damas haydovchilari bilan kelishmovchilik yuzaga kelgan.

“Menga taksi qilasanmi, deb savol berishdi. Ha, qilaman, dedim. Shunda urib ketishdi. Ustimdan IIBga shikoyat qilib, qo‘limni sindirdi, deb yozib bergan fuqaro Husniddin Rahmatov aynan singani aytilgan qo‘li bilan yoqamdan ushlab, urgani aks etgan video bor. Videoni IIB tergovchisiga berdik. Ammo tergovchi videoga e’tibor ham qaratmayapti”, — deydi bloger.

Aytilishicha, blogerlar va Damas’chilar o‘rtasidagi mushtlashuvdan so‘ng to‘rt nafar fuqaro blogerlar ustidan IIBga shikoyat qilgan. Husniddin Rahmatov esa Maqsud Muzaffarov qo‘lini sindirganini bildirgan. 17-iyun kuni tushdan so‘ng esa blogerlar ham ularni kaltaklagan fuqarolar ustidan IIBga shikoyat qilgan.

“Husniddin Rahmatov 17-iyun kuni soat 15:00 da Maqsud qo‘limni sindirdi, deb IIBga shikoyat qilgan. Vaholanki, o‘sha kuni soat 16:00 da o‘rtamizda mushtlashuv bo‘lgan. Mendagi videoda mushtlashuv aynan soat 16:00 da bo‘lib o‘tgani ko‘ringan. IIB tergovchisiga shu videoni ko‘rsatib, soatiga e’tibor qilishini, qolaversa, fuqaroning singani aytilgan qo‘li bilan meni urayotgan joyini ko‘rsatdik. Ammo tergovchi bunga umuman e’tibor qaratmayapti. Sababi IIB vaziyatdan foydalanib, menga dars berib qo‘ymoqchi bo‘lyapti. Shuning uchun ham IIBning xolisligiga ishonmayman”, — deydi Maqsud Muzaffarov.

Maqsud Muzaffarov mazkur mojarodan so‘ng Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va DXXga videomurojaat yo‘llab, hayoti xavf ostida ekanligini, fuqaro sifatida himoyaga olinishini so‘ragan.

“Aynan shu murojaatimdan so‘ng IIB uyimizda tintuv o‘tkazdi. Tintuvdan bir oy oldin menga mazkur voqeaga taalluqli videolarni taqdim etishimni so‘rab xat berishgandi. Ammo xatda qachon taqdim qilishim kerakligi, agar taqdim etmasam, qanday oqibatlarga olib kelishi haqida yozishmagandi. Qolaversa, IIB mazkur so‘rovdan so‘ng ancha payt jim bo‘lib ketishdi. Men esa huquqiy tomonlama to‘g‘ri ish qilibman, degan xulosadan bu so‘rovni esdan chiqardim. Biroq bir oydan so‘ng tintuvga kelishdi. Tintuvdan oldin telefon va video yozib olingan ‘fleshka’ni ham berdim. Shunga qaramasdan baribir tintuv o‘tkazishdi”, — deydi bloger Muzaffarov.

“O‘sha kuni aynan o‘sha soatda bizning uyimizga ham yetti-sakkiz nafar IIB xodimi borib, prokuror sanksiyasi borligini, tintuv o‘tkazishlarini aytdi. Men va uydagilar bunga e’tiroz bildirdik. Shunga qaramasdan karantin qoidalariga zid ravishda uyimizda tintuv o‘tkazishdi”, — deydi bloger Kamil Faxriddinov.

Kamil Faxriddinov

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, blogerlarning uyida tintuv o‘tkazilishiga Shahrisabz shahar prokurori sanksiya bergan.

IIBning Yakkabog‘dagi ushbu harakati va blogerlarning bundan noroziligi haqida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham Senatning oltinchi yalpi majlisida alohida to‘xtalib o‘tdi va holatni tanqid qildi. Shundan so‘ng voqeaga Qashqadaryo viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi.

“Yakkabog‘ tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro Rahmatov Husniddinning tan-jarohati olganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jabrlanuvchi tan-jarohatini fuqaro M.Muzaffarov yetkazganligini, o‘sha kuni sodir bo‘lgan janjalni M.Muzaffarov va uning sheriklari telefon apparati hamda avtomashinasida o‘rnatilgan videoni qayd etish uskunasida tasvirga olinganligini bildirgan.

Shunga ko‘ra, tergov organi tomonidan M.Muzaffarovga telefon apparati va avtomashinasida o‘rnatilgan videoni qayd qilish uskunasini ko‘zdan kechirish uchun ixtiyoriy taqdim etishi so‘ralganda M.Muzaffarov tergov organi talabini rad etgan.

Shundan so‘ng jabrlanuvchi H.Rahmatovning ko‘rsatuvlarini tekshirib, haqiqiy holatga oydinlik kiritish maqsadida janjalda ishtirok etgan olti nafar shaxs, shu jumladan, o‘zi hamda M.Muzaffarovning uyida ham tintuv tergov harakatlari o‘tkazilgan. Tintuv o‘tkazish uchun sanksiya berishda qonunchilik talabi buzilmagan. Jinoyat ishi tergovi ustidan Yakkabog‘ tumani va viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Tergov yakuniga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, — deyiladi viloyat prokuraturasi bergan axborotda.

Ma’lum qilinishicha, blogerlar Maqsud Muzaffarov hamda Kamil Faxriddinovlar ishini Yakkabog‘ tuman IIB tergovchisi Dilshod Poyonov olib bormoqda.

“Tergovchi Husniddin Rahmatovning qo‘li, to‘g‘rirog‘i, barmog‘i singani bilan bog‘liq vaziyatda uning barmog‘i qay holatda singaniga, ya’ni men sindirgan bo‘lsam, qayirib sindirdimmi yoki meni urayotgan paytida sindimi yoki biror-bir qattiq jismga urilishi oqibatida sindimi? Aynan shu holatlarga e’tibor bermayapti. Men esa shu savollar ochiq qolayotgani uchun tergovchining xolisligiga ishonmayapman”, — deydi M.Muzaffarov.

“Daryo” muxbiri blogerni shubhalantirayotgan vaziyat hamda IIB tergovchisining izohini olish maqsadida Yakkabog‘ tuman IIBda bo‘ldi.

Yakkabog‘ tuman IIB

Foto: “Daryo”

Jurnalistni bir soat kuttirgan tergovchi savollarni eshitganidan so‘ng javob berolmasligini, barcha ma’lumotlar IIB axborot xizmatidan olinishi mumkinligini ma’lum qildi. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova esa tergovchiga jurnalist savollariga javob berishi lozimligini bildirdi. Shunga qaramasdan tergovchi savollarga javob bermadi.

Foto: “Daryo”

Iroda Rasulovaning ma’lumot berishicha, Maqsud Muzaffarov tergovchining xolisligiga ishonmayotgan bo‘lsa, unda shikoyat qilishi mumkin, shunda IIB tergovchini almashtiradi yoki tergovni boshqa tuman olib boradi.

Mazkur voqeaga munosabat bildirgan Oliy Majlis deputati Farhod Zayniyev bloger Maqsud Muzaffarov muntazam ravishda YPX faoliyatini yoritib borayotganini va tizimda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni yozishda davom etishi tizimda faoliyat yuritayotganlarda blogerga nisbatan salbiy qarashni shakllantirganini ta’kidlaydi va mazkur holatda mutasaddi idora rahbarlari e’tibor qaratishini, qonun ustuvorligi ta’minlanishi lozimligini bildiradi.

Qashqadaryolik blogerlar esa ushbu vaziyatda IIB bilganini qilayotganini, blogerlarni himoya qilishi lozim bo‘lgan tashkilot esa sukut saqlayotganini tanqid qiladi.

“Qora xalqning kuniga yarash uchun bepul taksi loyihasini tashkillashtirgan blogerni mahalliy taksichilar kaltaklagani yetmagandek, bloger meni urib qo‘limni sindirdi deb ustidan ariza ham bergan. Videotasvirda bloger kaltaklangani aks etgan bo‘lsa ham blogerning uyini tintuv qilishibdi. Viloyatdagi matbuot xizmatlari jim, AOKA jim, Mass-media jim, haqiqat jim, adolat jim”, — deb yozadi bloger Otabek Artiqov.

Otabek Artiqov viloyat faollarini voqeaga Prezident e’tibor qaratmaguncha muammoga yechim izlamaslikda ayblaydi.

“Qani viloyat faollari yo aynan bu muammoni ham yurtboshimiz aytganlaridan keyin yechamizmi, o‘zi Prezident biror muammoni aytmaguncha hech kim yechim izlamaydigan ahvoldamiz-ku”, — deydi u.

Blogerlar Zafarbek Solijonov hamda Umid Karimovlar esa viloyatda blogerlarga nisbatan nohaqliklar bo‘layotgan paytda AOKAning viloyat boshqarmasidan sado chiqmayotganini tanqid qildi.

“Eng qizig‘i, viloyatdagi AOKA vakili Usmon Nusurov mum tishlagan. U ham bir qo‘rqoqlardandir-da, nima qilsin. Eng qizig‘i, Senat raisi Tanzila Norboyeva Yakkabog‘dagi shu kabi holatlarga diqqat qaratgan. Endi Qashqadaryo viloyat hokimligi va organdagilardan najot kutamiz, shekilli. Holatga to‘liq izoh berilishi kerak”, — deb yozadi Zafarbek Solijonov.

“AOKAning viloyat boshqarmasi ‘kattasi’ Usmon Nusurov bunday masalalarda doim jim turadi. Saida Mirziyoyeva e’tibor qaratgan Qarshidagi xarobaga aylangan jurnalistlar uyining kattalar e’tiboriga tushmasligiga ham Nusurov aybdor. Blogerni himoya qilolmasa, jurnalistlarga sharoit yaratib berolmasa, bu rahbarga oylik to‘lashning nima keragi bor? Agentlikni vazifasi faqat tadbir o‘tkazishdan iborat emas-ku! Ular qachongacha o‘zini yolg‘on hisobotlar bilan aldab yurmoqchi. Men bloger sifatida AOKAning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Usmon Nusurov bu lavozimda ishlashini xohlamayman. Asadjon Xo‘jayevdan viloyatimizga bloger, jurnalistlarni himoya qilishdan qochmaydigan va yakkabog‘lik blogerlarning ishlarini nazoratga olib, qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan xolis odamni rahbarlik lavozimiga tayinlanishini so‘rayman”, — deydi Umid Karimov.

Senat tanqidi va blogerlar e’tirozidan so‘ng Usmon Nusurov boshchiligidagi jamoa bloger Yakkabog‘dagi voqeaga e’tibor qaratganini bildirdi.

“Qashqadaryolik blogerlar M.Muzaffarov hamda K.Faxriddinov bilan bog‘liq vaziyat boshqarma mutasaddilarining qat’iy nazoratiga olingan. Ayni paytda tegishli idoralar bilan hamkorlikda vaziyatga oydinlik kiritish va qonuniy baho berish bo‘yicha ish olib borilmoqda”, — deyiladi boshqarmaning Telegram’dagi rasmiy kanalida.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Usmon Nusurov 2020-yil 10-avgust kuni Yakkabog‘ tumanida bo‘lib, blogerlar muammosiga yechim topilishida ko‘maklashmoqchiligini bildirdi.

“Daryo” Yakkabog‘dagi voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev