Farg‘ona viloyatiga Janubiy Koreyadan koronavirus infeksiyasini aniqlovchi 4 ming dona ekspress-test olib kelingan. Mazkur test tezkor va aniq bo‘lib, natijasi 5-10 daqiqada ma’lum bo‘ladi, deya xabar bergan viloyat hokimligining axborot xizmati.
O‘zbekistonda koronavirusni aniqlash maqsadida PZR-diagnostika, ya’ni polimeraz zanjir reaksiyasi usulidan foydalanilmoqda. Bu tekshiruv natijasining ma’lum bo‘lishi uchun eng qisqa 6-8 soat ketadi. Ba’zan 5-6 kun ham test natijasini kutish holatlari uchrab turibdi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, axborot xizmati Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Janubiy Koreyaga qilgan xizmat safari chog‘ida mutaxassislar bilan muloqotda koronavirusni aniqlovchi ekspress-testlarni viloyatga olib kelish borasida kelishuvga erishgani va test to‘plamlarining dastlabki partiyasi olib kelinganini qayd etgan.
Xabarga ko‘ra, ekspress-test nafaqat koronavirusni yuqtirganligini aniqlaydi, balki ilgari bemor bu kasallikka duchor bo‘lgan yoki bo‘lmaganini ham ko‘rsatadi. Viloyatda mazkur ekspress-testlardan chegara-nazorat o‘tkazish maskanlari, yirik tashkilot va korxonalarda foydalanish boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 6—8-iyul kunlari Janubiy Koreyaga xizmat safarini amalga oshirgan. Muzokaralardan keyin Farg‘ona viloyati hokimligi va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari o‘rtasida 285 million AQSh dollarilik 7 ta kelishuv imzolangan. Koreya hududiy issiqlik ta’minoti korporatsiyasi (KDHC) direktorining o‘rinbosari Benjamin Yun olti oy muddatga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning iqtisod va investitsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida jalb qilingandi.