Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Asaka tuman bo‘limi boshlig‘i 10 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzurida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Skrinshot: UzReport

Aniqlanishicha, bo‘lim boshlig‘i tumandagi fermer xo‘jaligiga tegishli 44 gektar yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘liq ekilmaganligini ro‘kach qilib, yer maydonini boshqaga olib berish bilan qo‘rqitib, xo‘jalik rahbaridan tamagirlik bilan 10 ming dollar pora olgan vaqtida ushlangan. Hozirda u tergov oldida javob berayotgani aytildi.

Shuningdek, departament tomonidan xo‘jalik yerlarini  korrupsion  jinoyatlar orqali sotish, zaxira uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilish va boshqa holatlar bilan bog‘liq 87 ta jinoyat fosh etilgan. Ochilov narxlarni manipulyatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini  ta’minlash tizimiga putur yetkazuvchi jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashish olib borilayotganini ta’kidladi. Hozirgacha o‘tkazilgan tadbirlarda qariyb 6 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarning  qimmat sotilishining oldi olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv bo‘limi iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘linmasi hamda departament o‘tkazgan tezkor tadbirda “Eski jo‘va” AJ bo‘lim mutaxassisi U.Y 500 AQSh dollari olayotgan vaqtida, Andijon viloyati Marhamat tumanida dehqon bozori hududidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun savdo rastasi ajratib berishni va’da qilib 2 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan edi.