E’tirof etilgan iste’dodi, qoyilmaqom ijrosi bilan muxlislar qalbidan joy olgan quyidagi aktyorlar turli sabablarga ko‘ra kinosanoatni tark etgan.

Deniel Dey-Lyuis

Foto: “Yandeks Dzen”

Oskar mukofotining uch karra laureati bo‘lgan Deniel, aktyorlar orasida rekordsmen hisoblanadi. Karyerasini endi boshlagan vaqtlaridayoq kinoni tark etishini bildirgan aktyor, birinchi Oskarni qo‘lga kiritganidan keyin fikridan qaytgandek tuyulgandi. U atrofdagilarda kinoni sevganidan emas, mukofotni qo‘lga kiritish uchungina aktyorlik faoliyatini davom ettirmoqda degan tasavvur uyg‘otgan. So‘nggi marta suratga tushgan “Xayoliy rishta” filmidan keyin esa Lyuis ushbu film, u uchun so‘nggisi ekanini aytib, Oskar uchun o‘zini reklama qildi, degan gap-so‘zlar ham bo‘lgan. Lekin aktyor gapida turgan va darhaqiqat kinosanoatni tark etgan.

Shon Konneri

Foto: “Yandeks Dzen”

Tengsiz aktyor deb e’tirof etiladigan shotlandiyalik Shon Konneri, 2003-yilda karyerasiga nuqta qo‘ygan. “Taniqli janoblar ligasi” filmi aktyor suratga tushgan so‘nggi film bo‘lgan. Shundan keyin dublyaj va prodyusser sifatida o‘zini sinab ko‘rgan Konneri, 2011-yilda omma e’tiborida bo‘lishdan charchagani va salomatligida muammolar borligini ma’lum qilgan. “Ser Billi” multfilmiga prodyuserlik qilgan aktyor, shundan so‘ng rafiqasi bilan Bagama orollariga jo‘nab ketgan.

Jek Nikolson

Foto: “Yandeks Dzen”

Avvaliga kinoni butunlay tark etganini tan olmagan Jek Nikolson, 2010-yildagi “Qanday bilish mumkin ?” filmidan keyin darhaqiqat boshqa suratga tushmagan. 2017-yilda bo‘lsa, hamkasbi va do‘sti Piter Fonda orqali aktyorlik faoliyatiga nuqta qo‘yganini ma’lum qilgan. Nikolson bu qarorga kelishidan avval, arziydigan rol ijro qilish uchun yaxshi ssenariy topishga harakat qilgan, ammo ko‘nglidagidek loyiha topa olmagan chog‘i, kinoni qat’iy tark etgan. Qoyilmaqom ijrosi bilan muxlislar xotirasida qolgan sobiq aktyor hozir 83 yoshda.