Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Habibulla Oqilov O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalgan bemorlarning qon zardoblarini bemorlarga quyish tajribasi bekor qilinganini bildirdi.

Skrinshot: UzReport

Jumladan, mutaxassis “Koronavirus infeksiyasini yuqtirib olib, keyinchalik tuzalgan bemorlarning qon zardoblarini (qon plazmasi) bemorlarga quyish samara bermadi. Chet el tajribasida ham bu ish bermagani sababli O‘zbekistonda ham bu amaliyot to‘xtatildi”, — deya ta’kidlab o‘tgan.

Shuningdek, bugungi kunda Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya mutaxassislari bilan doimiy tarzda videoanjumanlar o‘tkazilayotgani hisobiga ulardagi eng ilg‘or tajribalar O‘zbekistonda ham qo‘llanilayotgani aytildi.

“Ular bilan maslahatlashgan holda biz karantin choralarini va davolash protokollarini O‘zbekiston uchun ishlab chiqyapmiz”, — deydi Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, mutaxassis avvalroq aslida kasallanganlar soni bundan ikki-uch barobar ko‘p bo‘lishi mumkinligi, O‘zbekistonda ham Qozog‘iston yoki Qirg‘izistondagi kabi og‘ir vaziyat yuzaga kelishi, dorixonalarda dori, kasalxonalarda esa koyka-o‘rinlar yetkazib bera olmaslik holatiga tushib qolish ehtimoli borasida ham gapirib o‘tgan edi.