AQSh kino sanoatining markazi Gollivudni orzular fabrikasi deyishadi. U joylashgan Los-Anjelesdagi tepalikka o‘rnatilgan ulug‘vor Hollywood yozuvini bilmaydigan bo‘lmasa kerak. Ushbu yozuv 1923-yilning 13-iyulida o‘rnatilgan. “Daryo” sana munosabati bilan yozuvning paydo bo‘lish tarixi, ma’nosi, installyatsiyaning o‘rnatilish sabablari haqida ma’lumot beradi.
Hollywood yozuvi deyarlik kinomuxlislardan tortib tez-tez AQShning kino markaziga sayohat qilishni xush ko‘radigan sayohatchilar orasida ma’lumu mashhur. Shunga qaramasdan, Hollywood yozuvining paydo bo‘lishi tarixi haqida faqat sanoqli insonlargina bilsa kerak, degan fikrdaman. Tinch ummonining sohillariga tashrif buyuruvchi sayyohlar kinolarda ko‘rgan mashhur yozuvning oldiga kelishni va u yerda rasmga tushishni istashlari ayni haqiqat.
Sayyoh zoti qiziquvchan bo‘lmaydimi, har bir ko‘zdan kechirayotgan buyumiga sinchkovlik bilan qaraydi, uning tarixini bilishga bor diqqat-e’tiborini qaratadi. Hollywood yozuvi ham ana shunday tarixga ega bo‘lgan installyatsiyalardan biri sanaladi.
1923-yilning 13-iyul sanasida Los Anjeles – Farishtalar shahridagi Maunt Li tog‘ining yon bag‘irlarida keyinchalik kino ixlosmandlari orasida mashhur bo‘lib ketgan Hollywoodland yozuvi paydo bo‘ladi. Ingliz tilida “holly” – nayza barglilar oilasiga mansub bo‘lgan daraxt nomi bo‘lgani bois, Hollywoodland yozuvi mualliflari bu yerni “Nayza bargli daraxtlar makoni” – inglizcha qilib aytganda esa Hollywoodland deya atashni istashgandi.
Tog‘ yon bag‘ridagi mazkur yozuv o‘zining 90 yillik tarixi mobaynida bir qator sezilarli o‘zgarishlarga uchradi, yozuv Hollywoodland’dan Hollywood’ga qadar qisqardi va kino sanoatning va kino sayyohlikning o‘ziga xos Makkasiga aylandi. Gollivud minglab yoshlarning orzulari ushaladigan yoki puchga chiqadigan makonga aylandi. Kimlardir oddiy qashshoq oilada tug‘ilib, Holivudda pul, nufuz, hurmatga ega bo‘ldi, kimlardir Gollivud yo‘laklarida xor-zor bo‘lib,umrguzaronlik qildi. Ammo maqola bu haqida emas.
Hollywood yozuvi paydo bo‘lgan 1923-yilda uning kino sanoatiga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Mazkur yozuv ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanadigan bir-ikkita xususiy uy-joy shirkatlarining o‘ziga xos reklamasi edi. Puldor mijozlar uchun uy-joy shirkati “Tog‘ yon bag‘irlaridan qulay imkoniyatga ega bo‘lgan qulay narxdagi uy-joyni xarid qiling!”, deya barpo qilingan uy-joylarni reklama qilish uchun mazkur yozuvni o‘rnatishgan edi.
Yozuvni esa 1920-yilda Londondan Los Anjelesga ko‘chib kelgan millati ingliz bo‘lgan Tomas Fisk Goffga buyurtma qilishadi. Tomas Goff Los Anjelesga kelishi bilan o‘zining reklama yozuvlarini o‘rnatib beradigan xizmatini taklif qilishi orqali xususiy firma tashkil qigandi. Goff o‘zining jamoasi bilan balandligi 15 metr, kengligi 9 metr bo‘lgan 13 harfdan iborat 40 kilometr masofadan ko‘rish mumkin bo‘lgan, joyning xususiyatlarini o‘zida aks ettirgan yozuv installyatsiyasini o‘rnatadi.
O‘z davrining eng shuhratparast loyihasi uchun biznesmanlar 21 ming (hozirgi davrdagi 269 220 dollar) AQSh dollari sarf qiladi. Bu esa hozirgi davrdagi reklama beruvchilarni hayratga soladigan summa bo‘lsa, ajab emas.
Afsonaning salbiy jihati
Hollywood yozuvining har bir harfi to‘rt qavatli bino balandligiga teng, boshqacha qilib aytganda, yozuv balandligi 14 metrni tashkil qiladi. Aynan harflarning ulkanligi, ayniqsa, amerikalik o‘z joniga qasd qiluvchilar orasida mashhur bo‘lib ketdi. 1932-yilda aktrisa Peg Entuisl “H” harfi ustiga chiqib o‘zini pastga tashlaydi. Aktrisaning o‘z joniga qasd qilishi sababi rejissyorning unga istagan rolini bermagani edi. 24 yoshli aktrisa o‘limidan so‘ng mashhur bo‘lib ketish bilan birga, Hollywood yozuvini ham mashhurligiga sababchi bo‘ladi.Biz bilgan Gollivud
1944-yilda Hollywood yozuvi o‘zining dastlabki ma’nosini yo‘qotdi. Boshqacha qilib aytganda, uy-joy mulkdorlari mashhur yozuv sabab o‘zlari tiklagan binolarni allaqachon sotib yuborishga erishgan, yozuvdan endilikda foyda yo‘qdek edi. Biroq mahalliy aholi yozuvni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi. Yozuv allaqachon Tinch ummoni g‘arbiy sohilining ramziga aylangandi. Aholi faqat Hollywood yozuvidagi so‘nggi land so’zini olib tashlashga rozilik beradi. Shu tariqa Hollywoodland Hollywood’ga aylanadi.1970-yilga kelib Hollywood yozuvi ancha eskirgan yozuvdagi O va U harflari shamol, yomg‘ir ta’sirida yo‘q bo‘lib ketgandi. Biroq Playboy jurnali asoschisi hamda rok musiqachisi Xyu Xefner yozuvni qutqarib qolish uchun aksiya uyushtiradi. Aksiya doirasida yozuvning har bir harfi sotib yuboriladi va sotuvdan kelib tushgan pullarga Playboy asoschisi yangi Hollywood yozuvini tiklashga erishadi. Yozuvni muntazam ravishda ta’mirlamaslik uchun homiylar Avstraliya temiridan foydalanishga qaror qiladi. Ta’mirlashga 250 ming AQSh dollari kerak edi.
Shu sabab har bir harfni ta’mirlash uchun madaniyat homiysi topiladi va ular har bir harfni avvalgi holatiga qaytarish uchun 27 ming 777 dollardan mablag‘ sarf qiladi. “H” harfini ta’mirlash uchun Terrens Donnelli , “O” harfiga italiyalik kinoprodyuser Jovanni Matsa, birinchi “L” harfi uchun tadbirkor Les Kelli, ikkinchisiga esa qo‘shiqchi va aktyor Jin Otri, “Y” harfiga Xyu Xefner, W harfiga qo‘shiqchi Endi Uilyams, dastlabki “O” harfiga esa Warner Bros kino kompaniyasi, keying “O”ga esa biznesmen Elis Kuper, “D” harfiga biznesman Tomas Puli sarmoya ajratadi. Natijada, yangi Hollywood yozuvi bugungi ko‘rinishga keladi.
Balandlikka harflarni olib chiqish borasida Xyu Xefner bosh-qosh bo‘ladi va shaxsiy uchoq ajratadi. Yangi yozuv avvalgisidan hajmi bilan kichikroq edi: har bir harfning balandligi 13,7 metrni, kengligi esa 9-11 metrni tashkil qilardi. Ta’mirdan chiqqan yozuvning ochilish marosimi 1978-yilning 14-noyabrida – Gollivudning 75 yillik yubileyiga to‘g‘ri keladi. Yozuv ochilish marosimini 60 milliondan ortiq insonlar televizor orqali tomosha qiladi. Bugungi kunda mazkur yozuv politsiya tomonidan muhofazaga olingan. Unga yaqinlashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bugun mazkur yozuv Kaliforniyaning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi. Kino sanoatiga eltuvchi darvoza. Hyu Xefner aytganidek, “Hollywood yozuvi millionlab odamlarning orzulari. Parijdagi Eyfel minorasi kabi – ramz. Bu ramz kinoning ramzi”.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)