“Jamoatchilik fikri” fondi va “Levada-sentr” hamkorligida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan rossiyalik shifokorlarning yarmidan ko‘pi koronavirus borasidagi rasmiy statistikaga ishonmasligini bildirgan, deb xabar beradi “Vedomosti”.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 49 foizi koronavirusga chalinganlar borasidagi rasmiy statistika kamaytirib ko‘rsatilmoqda deb hisoblagan. Yana 9 foiz ishtirokchi mazkur ma’lumotlar oshirib yuborilganini qayd etgan. So‘rovnomaning har to‘rtinchi ishtirokchisi (23 foiz) taqdim etilayotgan ma’lumotlar ishonchli ekanligini bildirgan.
Shifokorlar, shuningdek, koronavirus qurbonlari borasidagi statistikani ham baholagan: 47 foizi — “ma’lumotlar kamaytirilgan”, 11 foizi — “ma’lumotlar oshirib yuborilgan”, 21 foizi — “ishonchli” etib belgilagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Rossiya fuqarolari orasida koronavirus borasidagi rasmiy statistikaga bo‘lgan ishonch kamaygan: aprel oyida ularning soni 58-59 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oxirlariga kelib ko‘rsatkich 46-47 foizga tushib ketgan.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu so‘rovnomaga izoh bermagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada umumiy hisobda 687 862 kishida koronavirus qayd etilgan. Hozirga qadar mamlakatda 454 329 kishi sog‘aygan bo‘lsa, 10 292 kishi virus qurboniga aylangan.