Futbol bo‘yicha Coca-Cola Superligasi 8-turidan o‘rin olgan 4 ta uchrashuv 7-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
“Paxtakor” – “Mash’al”
7-iyul kunidan o‘rin olgan dastlabki uchrashuv Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda “Paxtakor” Muborakning “Mash’al” klubini qabul qiladi. Aslida ushbu bellashuv Muborakda o‘tishi kerak edi. Biroq Muborak shahri koronavirus pandemiyasi sabab “qizil” hudud sifatida qayd etilgan. Shu boisdan o‘yin “sariq” hudud — Toshkentga ko‘chirilgan. “Sherlar” so‘nggi 3 ta turning barchasida g‘alabani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “gazchilar”ning hisobida 1 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat bor.
Uchrashuv mahalliy vaqt bilan 19:00 da boshlanadi. O‘yinni Zokir Qodirov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.OKMK – “Qo‘qon-1912”
Musobaqa jadvalida yonma-yon joylashgan (2, va 3-o‘rin) ikki jamoa 8-turda o‘zaro kuch sinashadi. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK so‘nggi 3 ta turning barchasida (“Surxon”, “Mash’al” va “Nasaf”) g‘alaba qozondi. Qayd etish o‘rinli, xuddi shunday natijani Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari ham qo‘lga kiritgan.
Uchrashuv 20:00 da boshlanadi. O‘yinni Temur To‘xtasinov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.“So‘g‘diyona” – “Buxoro”
“So‘g‘diyona” Jizzaxda kechadigan bahsda “Buxoro” jamoasini qabul qiladi. “Paxtakor”, “Lokomotiv” singari grand klublarni mag‘lub eta olgan Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi jamoa so‘nggi ikki turda “Andijon” bilan durang o‘ynab, “Navbahor”dan mag‘lubiyatga uchradi. So‘nggi o‘rinda borayotgan “Buxoro” esa oxirgi 3 ta turda 2 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang qayd etdi.
Uchrashuv 20:00 da boshlanadi. Bellashuvda Firdavs Norsafarov boshchiligidagi hakamlar ishlaydi.“Bunyodkor” – “Navbahor”
Turning markaziy o‘yinida Toshkentning “Bunyodkor” klubi Namanganning “Navbahor”iga qarshi saf tortadi. Vodiyliklar so‘nggi 3 turning barchasida g‘alaba qozongan. “Buxoro” va “So‘g‘diyona” Namanganda taslim etilgan bo‘lsa, “Metallurg” ustidan safarda g‘alaba qo‘lga kiritildi. Vadim Abramov qo‘l ostidagi “qaldirg‘ochlar” esa 5-turda “Paxtakor”dan yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Biroq 6-turda poytaxtning boshqa bir klubi “Lokomotiv”ni taslim eta oldi. 7-turda esa “Andijon” bilan murosa yo‘lini tanladi.
Mazkur bellashuv 20:00 da boshlanadi. Uchrashuvda Asker Najafaliyev boshchiligidagi hakamlar faoliyat yuritadi.
Сoсa-Сola Superliga
8-tur bahslari7-iyul, seshanba
19:00|“Paxtakor” – “Mash’al”|“Mahalla” #Live
20:00|OKMK – “Qo‘qon-1912”| “Dunyo bo‘ylab” #Live
20:00|“So‘g‘diyona” – “Buxoro”| “Oilaviy” #Live
20:00|“Bunyodkor” – “Navbahor”. “Sport” #Live