Andijon viloyatidagi tumanlar va tashkilotlar rahbarlari ishdagi erishgan natijalariga qarab, har haftada “mas’uliyatli rahbar” yoki “mas’uliyatsiz rahbar” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi. Bu haqda “Auz.uz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov oshkoralik, shaffoflik masalasida tashabbusni ilgari surgan. Unga ko‘ra, rahbarlar ishdagi natijalariga qarab, ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
Rahbarlarning qaysi nishonni olishi dushanba kunlari o‘tkaziladigan hokimlik soatida aniqlanadi. Oqsoqlikka yo‘l qo‘ygan shahar, tuman yoki tashkilot rahbarining ko‘ksiga shu yerning o‘zida qizil rangli nishon taqiladi. Topshiriqni uddalaganlarga esa ko‘k rangli nishon topshiriladi. Yig‘ilishdan chiqib, taqdirlanganlar jurnalistlar orqali xalq oldida hisob beradi.
Qayd etilishicha, 6-iyul kuni bo‘lib o‘tgan hokimlik soatida yangi tashabbus amaliyotda ilk bor qo‘llandi.“Mas’uliyatsiz rahbar” nishoni Ulug‘nor, Oltinko‘l tumanlarining hokimlari Doniyorbek Maxsudov va Nazirjon O‘rinboyevga berilgan. Tashkilotlar orasida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Zufarbek Yo‘ldoshev va viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbari Dilmurod Nabiyevga ham “mas’uliyatsiz rahbar” nishoni berildi.
Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarovga uchta yo‘nalish bo‘yicha qo‘lga kiritgan ko‘rsatkichlari uchun 3 marta ko‘k nishon topshirildi. Marhamat va Xo‘jaobod tumanlari hokimlari Bobirjon Yo‘ldoshev va Otabek Rasulov esa ikki bora shunday e’tirofga sazovor bo‘ldi. Markaziy bank viloyat boshqarmasi boshlig‘i Elyor Usmonovga ham ikki bor “mas’uliyatli rahbar” nishoni berildi.
Qayd etilishicha, uch hafta davomida qatorasiga qizil nishonga loyiq ko‘rilgan rahbar masalasi alohida ko‘rib chiqiladi.