Kinochilik tarixida alohida iz qoldirgan “Terminator 2: Qiyomat kuni” filmi 1991-yilda TriStar Pictures kinostudiyasi tomonidan taqdim etilgan. U Jeyms Kemeron rejissorligidagi Amerika ilmiy-fantastika filmi, “Terminator”ning davomidir.
O‘z davrida ulkan shov-shuvga sabab bo‘lgan va o‘n millionlab muxlislarga ega bo‘lgan bu film O‘zbekistonda ham ancha mashhur. Ayniqsa 1990-yillarda VHS kassetalarda uni qayta-qayta ko‘rish urfga aylangan edi. Arnold Shvarseneggerni butun jahonga, xususan, O‘zbekistonga mashhur qilgan filmlar ham aynan “Terminator”ning dastlabki ikki qismi hisoblanadi. Xalq orasida Shvarseneggerni “Terminator” deb atash odatini bugungi kunga qadar uchratish mumkin. “Terminator 2” salkam 30 yil muqaddam katta ekranga chiqqaniga qaramay, bugungi kunga qadar eslanadigan va qayta-qayta tomosha qilinadigan shedevr hisoblanadi.
Bugun, 3-iyul –“Terminator 2”ning xalqaro premyerasi bo‘lib o‘tgan kun. “Daryo” sana munosabat bilan qiziqarli faktlar va fotosuratlarni taqdim etadi.
Film 1990-yil iyundan noyabrgacha Los-Anjelesda suratga olingan. Asosiy rolni Arnold Shvartsenegger ijro etgan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, film kino tarixida birinchi bo‘lib kompyuter animatsiyasiga katta e’tibor qaratdi, bu esa filmning yanada qiziqishlarga sabab bo‘lishiga olib keldi.
“Terminator 2” 2017- va 2019-yillarda film 3D formatida qaytadan tomoshabinlarga taqdim etildi. Birinchi qism bilan taqqoslaganda filmni ishlab chiqarish budjeti 16 baravarga, ya’ni 6,4 million dollardan 100 million dollarga ko‘paydi.
Film 20 ga yaqin nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi: to‘rtta “Oskar” (eng yaxshi ovoz, pardoz, ovozli va vizual effektlar uchun), Amerika ilmiy va dahshatli filmlar akademiyasining beshta mukofoti (“eng yaxshi ilmiy-fantastik film” va “eng yaxshi rejissorlik” nominatsiyasi bo‘yicha) kabi mukofotlar shular jumlasidandir.
Izoh (0)