Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Andijon shahridagi diqqatga sazovor maskan — “Bog‘i Bobur”dan fotojamlanma tayyorladi.
“Bog‘i Bobur” — Andijon shahrining janubi-sharqida — Buyuk Ipak yo‘li yoqasi (Bog‘ishamol)dagi adirda joylashgan. Bog‘ Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan 1993-yilda foydalanishga topshirilgan. 357 gektar maydonni egallagan bog‘ Kobul shahridagi “Bog‘i Bobur”ga qiyosan qurilgan.
Bog‘ga kirish uchun sharqona uslubda qurilgan marmar darvoza yo‘lakdan ko‘p pog‘onali zinalar orqali yuqoriga ko‘tariladi. Birinchi supachada Boburning haykali o‘rnatilgan.
Yuqoriroqda “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi qad ko‘targan. Uning moviy gumbazi ichidagi va devoridagi bezak rasmlari “Boburnoma” asari mazmunida chizilgan.
Muzey ko‘rgazmalarida Bobur hayoti va merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan olib kelingan noyob qo‘lyozmalar, kitoblar va tarixiy ashyolar, Bobur asarlarining qo‘lyozma nusxalari, xususan, “Xatti Boburiy”da Bobur o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan Qur’oni Karim nusxalari, Bobur davri qurol-aslahalari, saroy ahli kiyimlari, boburiy podshohlar zarb qildirgan tanga pullardan namunalar qo‘yilgan.
Muzeyning ikki yonidan o‘tgan marmar zinali yo‘l yana ham yuqoriga, so‘nggi supaga ko‘tariladi. Bu yerda Boburning ramziy qabr-sag‘anasi (Kobuldagi Bobur qabri tuprog‘idan olib kelib qo‘yilgan) joylashgan. Ramziy qabrdan yuqoriga ketgan yo‘l bolalar o‘yin maydonchalariga olib chiqadi. Istirohat bog‘ining yuqorisiga uzunligi 2 kilometr bo‘lgan osma yo‘l ham o‘rnatilgan. Bog‘da hunarmandchilik buyumlari do‘koni, shuningdek, choyxona, oshxona va boshqa dam olish maskanlari bor. Alohida dam olish joyida konsert sahnasi, kurash va boshqa musobaqalar o‘tkaziladigan maydon qurilgan. Bog‘da 20 xildan ortiq mevali, 10 dan ortiq manzarali daraxtlar ekilgan.
Mavzuga doir: Foto: Andijon viloyatining sayohatbop 7 maskani
Izoh (0)