Ikki vazn toifasida UFC sobiq chempioni Konor Makgregor yana bir bor faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Foto: Getty Images

“Salom yigitlar. Men jang qilishni tugatishga qaror qildim. Barchangizga ajoyib xotiralar uchun rahmat. Bu juda zo‘r bo‘ldi!

Bu suratda Las-Vegasda chempionlik janglarimdan biridagi g‘alabamdan keyin onam bilan birgaman. Orzuingdagi uyni tanla Megs, seni yaxshi ko‘raman! Nimani ko‘ngling istasa, o‘sha seniki bo‘ladi”, — deb yozib qoldirgan Konor o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Ma’lumot uchun, bu Konor Makgregorning uchinchi marta sportdan ketganini e’lon qilishi. U bungacha ham ikki marta UFC’ni tark etganini aytgan.

Konor so‘nggi jangini 2020-yilning yanvar oyidagi UFC 246 musobaqasida Donald Serroniga qarshi o‘tkazib, birinchi raundayoq raqibini nokautga uchratgan.

Avvalroq UFC prezidenti Deyna Uayt irlandiyalik sportchiga chempionlik jangini va’da qilib, Konor uchun eng yaxshi yurish — bu Habib Nurmagomedov va Jastin Getji jangi g‘olibi bilan kurashish ekanligini aytgandi.

Nokautlarga boy bo‘lgan UFC 250 musobaqasi janglarini tomosha qiling (video)