Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida “maqtovlar kerak emas”ligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Men qisqa, sizlar ko‘proq gapirsalaringiz to‘g‘ri bo‘ladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bo‘lib bo‘lgan — bu xalq ishonchi. Hali endi birinchi qadamlarni qo‘yyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija bo‘lmaydi”, — dedi Prezident.
“Tumanlarga o‘zim borishimning sababi — odamlarning yashash sharoitlarini yuragimdan o‘tkazib, aniq choralar ko‘rish, islohotlar uzoq-uzoq joylarda ham natija beryaptimi, quyi tizimdagi rahbarlar sadoqat bilan, jon kuydirib ishlayaptimi, degan savollarga javob topish”, — dedi u.
Prezident bunday uchrashuv har kuni ham bo‘lavermasligini alohida ta’kidlab, yig‘ilish qatnashchilariga shunday murojaat qilgan: “Achchiq-achchiq masalalarni qat’iy qo‘yinglar”.