Favqulodda vaziyatlar vazirligi 4-iyun kuni Samarqand viloyatidagi Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzelidagi bekatda yuk poyezdi sisternasidan o‘tkir hidli gaz – xlorid kislotasi oqib tushayotgani haqidagi xabardan keyin mazkur avariya zudlik bilan bartaraf qilingani haqida xabar berdi.
2020-yilning 4 iyun kuni taxminan soat 18:15da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchilik qismiga “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ Buxoro mintaqaviy temiryo‘l uzeli “Zarafshon” temiryo‘l bekatida yuk poyezdiga ulangan sisternadan xlorid kislotasining oqib tushayotganligi va undan inson uchun xavfli hisoblangan o‘tkir hidli zaharli gaz havoga tarqalayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Mazkur xabarga ko‘ra, Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan. Qutqaruvchilar tomonidan maxsus texnikalar yordamida ko‘rilgan tezkor choralar natijasida vaziyat to‘liq nazoratga olinib, kuchli ta’sir etuvchi zaharli modda bilan bog‘liq kimyoviy xavf bartaraf etilgan.