“Real” yarim himoyachisi Luka Modrich o‘zining “Mening o‘yinim” nomli avtobiografik kitobida hujumchi Krishtianu Ronaldu va murabbiy Joze Mourinyo o‘rtasidagi mojaroni esladi.
“Mourinyoning munosabati meni hayron qoldirdi. Ispaniya Kubogida 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandik. Ronaldu yon chiziqdan to‘p tashlanayotgan vaqtda o‘yinchini ushlab qololmadi. Joze esa bundan g‘azablandi. Ular uzoq vaqt maydonda tortishdi.
Tanaffus vaqtida kiyinish xonasiga qirganimda, Ronalduning ko‘ngli g‘ash edi, deyarli yig‘layotgandi. U menga shunday dedi: ‘Qancha harakat qilsam ham u baribir meni tanqid qilaveradi’.
Mourinyo kelgach, Ronalduni o‘yin vaqtida qilgan harakatlari uchun tanqid qila boshladi. Ahvol shu darajaga yetib keldiki, faqat o‘yinchilarning aralashuvigina janjalning oldini olardi”, — deb yozadi Modrich.
Ronaldu “Real”da Mourinyo qo‘l ostida 106 ta o‘yin o‘tkazib, 120 ta gol urgan. Hozirda Krishtianu “Yuventus”da to‘p surmoqda, Mourinyo esa “Tottenhem”da ishlamoqda.
Luka Modrich ushbu mavsumda 22 o‘yinda 3 ta gol urdi va 5 ta golga hammualliflik qildi. Uning “qirollik klubi” bilan amaldagi kelishuvi 2021-yilgacha mo‘ljallangan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!