Hindistonning Meratx shahrida yashovchi erkak o‘z uyidagi buzilgan konditsioner ichidan o‘nlab ilonlarni topib oldi va ularni o‘rmonga olib borib tashladi, deb yozadi Ary News.
Fermer Shradxanand o‘z xonasida uxlashga yotgan paytda polda ilon bolasi o‘rmalab yurganini ko‘rdi. U ilonchani tutib, uydan chiqarib tashladi. Ichkariga kirgan erkak karavotida yana bir nechta sudralib yuruvchilarni ko‘rdi.
Fermer ilonlarning buzilgan konditsioner ichidan chiqayotganini tushundi va boshqa oila a’zolarini yordamga chaqirdi.
Erkak qarindoshlari bilan konditsioner qopqog‘ini ochdi va uning ichidan yana 36 ta sudralib yuruvchini chiqarib oldi.
Ushbu xabar qishloqda tez tarqalib, mahalliy aholi o‘rtasida vahima uyg‘otdi.
Shradxanand qarindoshlari va qo‘shnilari yordamida hamma ilonlarni qopga solib, yaqin hududda joylashgan o‘rmonga olib borib tashladi.
Ekspertlarning fikricha, ilon uzoq vaqt mobaynida ishlatilmagan konditsioner ichiga tuxum qo‘ygan bo‘lishi mumkin.