Farg‘ona shahrida 6-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda odamlarni ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish bo‘yicha Farg‘onada ham keng ko‘lamli sa’y-harakatlar boshlangani, viloyatdagi 43 mingdan ziyod oilani 2020-yil yakuniga qadar kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingani qayd etildi.
Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, o‘zini o‘zi band qilish orqali salkam 14 ming oilaga yordam beriladi. Prezident matbuot xizmatining yozishicha, bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit resurslari hajmini 25 foizga oshirish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 400 milliard so‘m kredit ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish va erkin iqtisodiy zonalar orqali 6 mingdan, qishloq xo‘jaligi sohasida 17 mingdan ortiq oilani kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi.
Masalan, g‘alladan qisqargan 4 ming gektar, oborotdan chiqqan 3,5 ming gektar yerda bog‘ va tokzorlar tashkil etiladi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida Dorivor o‘simliklar ilmiy markazi tashkil etilib, 10 ming gektarda shu turdagi o‘simliklar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.