Dortmundning “Borussiya” klubi futbolchilari Jeydon Sancho va Manuel Akanji Germaniya futbol ligasi (DFL) tomonidan jarimaga tortildi.
Ikki futbolchi ham tibbiy reglamentni buzgan. Ular soch turmagini o‘zgartirish uchun o‘z uyiga sartaroshni taklif qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarga ko‘ra, Sancho va Akanji soch oldirayotgan vaqtda tibbiy niqobda bo‘lmagan. Shuningdek, futbolchilar uyiga begona shaxsni chaqirib, reglamentdagi yana bir bandni buzgan. Dortmund klubi o‘yinchilari qancha miqdorda jarima tortilgani ma’lum emas.
Bild’ning yozishicha, “Borussiya”ning yana to‘rt nafar vakili uyiga sartarosh chaqirgan, biroq suratlari tarqalmagani bois, ularning aybini isbotlashning iloji bo‘lmagan.
20 yoshli Sancho joriy mavsum Bundesligada 27 o‘yin o‘tkazib, 17 gol va 16 ta assistga muallif bo‘ldi. 24 yoshi himoyachi ham 27 o‘yinda qatnashgan va joriy mavsum samarali harakat amalga oshirmagan “Borussiya” asosiy tarkibining yagona futbolchisi bo‘lib turibdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!