Xitoyda so‘nggi sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 1 ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 4 ta holat qayd etildi. Bemorlarning 5 nafari sog‘aydi, vafot etish holatlari qayd etilmadi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasiga tayanib.

Foto: Bloomberg

Mamlakatda umumiy hisobda 83 022 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 319 nafari sog‘aygan, 4 634 nafari vafot etgan. Kasalxonalarda 69 nafar bemor qolmoqda.

Shuningdek, sutka davomida 4 kishi infeksiyani belgisiz tashuvchi sifatida qayd etilgan. Shunday kishilarning yana 326 nafari shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Janubiy Koreyada esa sutka davomida 39 kishi koronavirusga chalingani qayd etilib, kasallanganlarning umumiy soni 11 629 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (KCDC) ma’lumotlariga tayanib.

May oyidan buyon kasallikning yangi o‘choqlari bemorlar sonining oshishiga olib kelmoqda. 28-mayda kunlik kasallanishlar soni 79 kishiga yetgandi, so‘nggi haftada esa bu ko‘rsatkich 30-50 kishi atrofida bo‘lib turibdi.

So‘nggi sutkada 32 kishi koronavirusdan sog‘ayib chiqib, tuzalganlarning umumiy soni 10 499 kishiga yetdi. Kasallikdan yana bir kishi vafot etib, virus qurbonlari soni 273 kishini tashkil qilmoqda.