Dortmundning “Borussiya” klubi hujumkor yarim himoyachisi Jeydon Sancho Bundesligada 30 ta gol urgan eng yosh o‘yinchiga aylandi.

Foto: The Sun

Futbolchi Germaniya chempionatining 29-turidan o‘rin olgan “Paderborn”ga qarshi bahsda (6:1) het-trik qayd etdi va 20 yosh-u 67 kunligida o‘z hisobiga 30 ta gol yozdirib qo‘ydi. Sancho bu bilan “Bayer” yarim himoyachisi Kay Havertsning natijasini yangiladi, u 20 yosh-u 270 kunligida 30 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Sancho 2017-yilning yozida 7,84 million yevro evaziga “Manchester Siti”dan “Borussiya”ga o‘tgan. Angliyalik futbolchi ushbu mavsumda Germaniya chempionatining 27 o‘yinida ishtirok etib, 17 ta gol va 16 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning dortmundliklar bilan amaldagi shartnomasi 2022-yilning yozigacha amal qiladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!