Endi viloyat, shahar va tumanlarimiz svetoforga o‘xshab qizil, sariq, yashil rangda tovlanadi. Ammo yashil bo‘lsa-da, shaxsiy mashinangizda viloyatdan viloyatga o‘tolmaysiz (Toshkent mustasno). To‘yga esa 30 kishidan ortiq mehmon chaqirsangiz, jarimaga tayyorlaning. Demak, may oyining oxirgi haftasi dayjestiga ham yetib keldik. “Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.
Mavzuga doir:
- Haftalik dayjest: 1,5 trillionlik zarar va 40 millionlik yordam, kuyovning kartasi, “-ov” va “-yev”ni o‘chirish aksiyasi
- Haftalik dayjest: “G‘alabami yoki xotira?”, “Qizilmisiz-sariqmisiz-yashilmisiz?”, Sardobadan quruq chiqishni istaganlar
- Haftalik dayjest: Sardoba aybdorlari, bitiruvchilarga sovg‘a, MTRKdagi Susambil
Gap shundaki, 15-maydan boshlab hududlarda karantinning ayrim talablari yumshatilgan, biroq shundan keyin virus yuqishi ko‘paygach, prezident hali karantin tugamaganini urg‘ulagan edi.
Viloyatlararo avtobuslar harakatiga ruxsat berildi. Avtobuslar doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi va unda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning reyslar kesimidagi ro‘yxati yuritiladi. Ammo 1-sentabrgacha shaxsiy mashinangizda harakatlana olmaysiz (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno). Yengil mashinada yo‘lovchi oz bo‘lgani sababli virus yuqish xavfi ham kamroq, ammo ruxsat berilmagani juda qiziq.
2020-yil 31-may soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 3 583 nafarni tashkil etmoqda. Vafot etganlar soni 15 nafarga yetdi.
* * *
Buyuk sohibqiron Amir Temur uy ishlarida ayoliga yordam berganmi? Denovdagi Amir Temur haykalini muhokama qilgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aytishicha, yordam bergan ekan. Chunki sohibqiron qo‘lida tutgan uch halqali hassa gilam qoqadigan maxsus kaltakka o‘xshaydi. O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi borligidan ham bexabar bo‘lgan mazkur haykal bu hafta muhokamalar markaziga ko‘chdi. Haykalning bo‘yi past ishlangani, Amir Temurning holati rus avliyosiga o‘xshab qolgani ziyrak izohchilar e’tiboridan chetda qolmadi. Oxiri Denov shahri hokimligi izohlarga munosabat bildirib “Qo‘lida uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassa tutgan Amir Temur haykali bobokalonimizning shon-shuhrati, uch iqlimni birlashtirgan yengilmas mashhuri zamon bo‘lgani ramzidir”, deb yozdi.
Shundan keyin Oliy Majlis Senati yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev haykal masalasini Denov shahar hokimi, arxitektura va qurilish boshqarmasi rahbari bilan o‘rgandi hamda yurtdoshlarimizning asosli va o‘rinli takliflarini inobatga olgan holda ushbu haykalni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Kasal bo‘lmaslik uchun nima qilmoq kerak? Sport bilan shug‘ullanish kerak. Yana sportni ommalashtirish uchun ommaviy sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazish kerak. Karantin bo‘lsa-chi? Yo‘q, sog‘lomlashtirish tadbirimizga hatto koronavirus ham to‘sqinlik qilolmaydi.
Hafta boshida Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida piyoda yurish aksiyasi o‘tkazildi. Rasmdan asosan katta yoshlilar ishtirok etgani ma’lum. Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyev kanalida yozdi:Pandemiya paytida eng ko‘p asrab-avaylashimiz kerak bo‘lgan insonlar keksalarimiz emasmi?! Axir aynan keksalarning hayoti ko‘proq xavf ostida deb rosa javragan edik-ku! Qaysi vijdon bilan shunaqa sinovli paytda qariyalarimizni ko‘chaga yonma-yon terib qo‘yib, piyoda yurdiryapmiz? Bularni nazorat qiladigan biror inson bormi? Yoki hamma ko‘r, hamma kar, hamma gungmi? Kechirasizlaru, O‘zbekistonning boshqa chekkalarida hatto yaqin insoni vafot etsa ham tiriklar sog‘lig‘idan xavotir olingani uchun janozalarda odam ko‘paytirishga ruxsat berilmayapti. Uzog‘i 5–10 kishi bilan so‘nggi manzilga kuzatmoqda. Buyoqda esa yuzlab odamlar yonma-yon piyoda yurmoqda. Hammasi xo‘jako‘rsin, hammasi ko‘zbo‘yamachilik... Na xoxolab kulishingni bilmaysan, na o‘kirib yig‘lashingni...
Viloyat hokimligi ushbu aksiya karantin tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilingan holda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislarining maxsus nazorati ostida tashkil etilganini bildirgandi. Ko‘p o‘tmasdan ushbu ommaviy tadbirga SES ruxsat bermagani ma’lum qilindi.
* * *
Shu hafta farg‘onalik yosh jurnalist va bloger Usmonjon Qodirov karantin paytida issiq havoda ishlayotgan zavod ishchilari haqida xabar yozishi ortidan g‘oyib bo‘lgan. Farg‘onada ish safari bilan bo‘lgan boshqa jurnalist Mavjuda Mirzayeva uni qidira boshlagach, Usmonjon 15 sutkaga qamalgani haqidagi sud hukmini qo‘lga kiritgan edi. Aytish lozimki, unga rasman tarqatgan xabari uchun emas, go‘yoki ichki ishlar xodimi talabiga bo‘ysunmagani uchun jazo berilgan. Surishtirishlardan Qodirovga sud hukmi o‘qilishidan biroz avval u Farg‘ona viloyati hokimligiga chaqirilgani va hokimlikning matbuot kotibi Muhammadjon Obidov u bilan suhbatlashgani ma’lum bo‘ldi. Muhammadjon Obidovning aytishicha, jurnalist noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganini tan olgach, hokimlikda uzr so‘ragan.
Shundan keyin qator jurnalistlar Usmonjon Qodirov himoyasiga chiqdi. Usmonjon 15 sutka emas, 2 sutkadan so‘ng uyiga qaytdi. Biroq nimalar sodir bo‘lganini hech kimga aytmadi. Qo‘llab-quvvatlaganlarga ijtimoiy tarmoq orqali minnatdorchilik bildirdi. Bu ham haftaning diqqat markazidagi mavzularidan biri bo‘ldi.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling. Jurnalistlar yo‘qolib qolmasligi uchun duo qiling.
Izoh (0)